Tabiiy gaz iste’molidagi qoidabuzarlik iste’molchilarga qimmatga tushadi
Samarqand viloyati prokuraturasi organlari tomonidan iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasi resurslaridan noqonuniy foydalanishini fosh etishga qaratilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ishtixon tumanida o‘tkazilgan shunday nazorat tadbirlari davomida Xalqobod mahallasida yashovchi fuqaro Z.T. yashash uyi hammomida tabiiy gazdan tijorat maqsadida noqonuniy foydalanib kelganligi va ta’minotchi korxona manfaatlariga 246,2 million so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yurtimizda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda avtomatlashtirilgan tizimlar joriy etilib, iste’molchilarga zamonaviy, masofadan boshqariladigan “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilishi mazkur sohalardagi ko‘plab muammolarga yechim bo‘ldi. Tarmoqqa noqonuniy ulanish, noreal qarzdorliklar va turli xil yo‘qotishlar keskin kamaydi.
Ammo hali-hanuz ayrim iste’molchilarning amaldagi tartiblar va qonunga zid harakatlari tufayli ta’minotchi korxonalar manfaatlariga zarar yetmoqda. Eng yomoni, bu boshqa iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Samarqand viloyatida 360 ming aholi va 8200 ta yuridik iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Joriy yilning birinchi yanvar holatida ushbu iste’molchilarga yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun debitor qarzdorlik 70 milliard 215 million (aholida – 45,7 milliard, yuridik iste’molchilarda – 24,5 milliard) so‘mni tashkil etgan.
– Qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan olib borilgan profilaktik ishlar va ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida yilning birinchi yarmi yakunida qarzdorlik 15 milliard 427 million so‘mga kamaydi, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali rahbarining tijoriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari G‘iyosiddin Shamsiyev. – Ayni paytda aholi iste’molchilarida 36 milliard 142 million so‘m, yuridik iste’molchilarda 18 milliard 645 million so‘m qarzdorlik saqlanib qolmoqda. Eng ko‘p qarzdorlik Samarqand shahri, Pastdarg‘om tumani, Kattaqo‘rg‘on shahri, Payariq va Kattaqo‘rg‘on tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda. Qarzdorlikni bartaraf etishda asosan sud orqali undirish va qarzdor iste’molchilarni tarmoqdan uzish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, yil boshidan buyon 6701 nafar aholi iste’molchilardan 30 milliard so‘m qarzlarni undirish uchun fuqarolik sudlariga, 151 ta ulgurji, ya’ni yuridik iste’molchilardan 10 milliard so‘mdan ortiq qarzlar bo‘yicha iqtisodiy sudlarga murojaat qildik. Albatta, bu choralar natijasida debitor qarzdorlikni kamaytirishga erishyapmiz. Sud qarorlari asosida iste’molchilar qarzlarini to‘lamoqda. Ammo majburiy ijro organlari tomonidan ijroga qaratilgan sud hujjatlari ham kam emas. Joriy yil 1-avgust holatida, viloyatimiz MIB idoralari yurituvida 6 milliard 400 million so‘mdan ortiq qarzlarni undirishga oid 1782 ta ijro hujjatlari mavjud. Bunda ham Samarqand shahri, Payariq va Pastdarg‘om tumanlariga tegishli ijro hujjatlari boshqa hududlarga nisbatan ko‘p bo‘lib turibdi.
Filial mas’ulining qayd etishicha, bugungi kunda viloyatdagi barcha tabiiy gaz iste’molchilari ASKUG (gaz iste’molini avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olish va nazorat qilish) tizimiga ulangan va masofadan boshqariladigan onlayn hisoblagichlar o‘rnatilgan. Lekin ayrim hisoblagichlarning masofadan o‘chirib-yoqish klapani ishlamay qolishi yoki ma’lumotlarni uzatishdagi uzilishlar uchramoqda. Bunday holatlarda ham qarzdorlik yuzaga kelmoqda va bu soha mutaxassislarining ko‘magi bilan iste’molchilar tomonidan bartaraf etilmoqda. Ammo tarmoqqa noqonuniy ulanish, hisoblagich tamg‘asini buzish holatlari ham uchramoqda. Birgina shu yilning iyul oyida 480 dan ortiq holatda aholi tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani va turli xil qoidabuzarliklar sodir etilgani qayd etilib, buning oqibatida 3 milliard 800 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Yuridik iste’molchilar tomonidan esa yil boshidan buyon 120 dan ortiq qonunga zid holatlarga yo‘l qo‘yilgani kuzatildi. Mazkur holatlar bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi, to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri