Tabiatni tiklashga sarmoya: O‘zbekistonning yangi ekologik tashabbuslari
Ulan-Batorda cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha tashkil etilgan “COP17” konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Milliy pavilonida “Investitsiyalardan natijalarga” mavzusida parallel tadbir o‘tkazildi.
Unda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, iqlimga chidamlilikni oshirish, ekologik yechimlarni keng joriy etish va bu yo‘nalishlarga investitsiyalarni samarali jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Alzaabi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — Green University rektori professor Baxtiyor Po‘latov, ICBA CAC postdoktoranti doktor Marg‘uba Rejapova hamda boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.

Muloqotda Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘iston tajribasi maqsadli investitsiyalar alohida loyiha doirasidan tashqarida ham uzoq muddatli samara berishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, 2023-yilda Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 5,1 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ hisobidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ICBA bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirdi.

Loyiha doirasida uchta ko‘rgazma maydoni tashkil etilib, iqlimga chidamli ekinlar sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, tuproq va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini oqilona boshqarish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Dastlabki loyiha keyinchalik texnologiya va bilimlarni keng ko‘lamda uzatish tizimiga aylandi. 2025–2026-yillarda dastur Qoraqalpog‘istonning barcha 15 tumanida 4 144 nafar fermerni qamrab oldi. Ishlab chiqarilgan va tarqatilgan sifatli urug‘liklar hajmi esa 20,9 tonnadan oshdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va ICBA hamkorligini yanada kengaytirish konsepsiyasi ham taqdim etildi.
Xususan, Green University negizida “Markaziy Osiyo biotuzli qishloq xo‘jaligi va iqlim barqarorligi markazi” — CABACRHni tashkil etish taklif qilindi. Mazkur markaz dala loyihalari, laboratoriya tadqiqotlari, kadrlar tayyorlash va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish jarayonlarini birlashtirishi ko‘zda tutilmoqda. Tashabbusning muhim yo‘nalishlaridan biri qiymati 5 million dollar bo‘lgan spirulina tadqiqotlari laboratoriyasini tashkil etishdir. Laboratoriyada mikroalgalar, suv resurslari va sho‘rlanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalar, tadqiqotchilar va fermerlarni o‘qitish uchun zarur infratuzilma yaratiladi.

Degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash sohasida investitsiya uchun tayyor loyihalarni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Green University huzurida “Qurg‘oqchil yerlar” loyihalar laboratoriyasi — Drylands Project Lab’ni tashkil etish taklif qilindi. Unda loyihalar boshlang‘ich ko‘rsatkichlar, byudjet, ekologik va ijtimoiy kafolatlar, asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari hamda ehtimoliy moliyalashtirish manbalari hisobga olingan holda tayyorlanadi. Tashabbus doirasida ilk xalqaro guruhni 2027-yilda Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va qurg‘oqchil iqlimga ega boshqa hududlar mutaxassislari ishtirokida shakllantirish taklif etilmoqda.
Tadbirda yerlarni tiklash sifati bo‘yicha mintaqaviy standart va monitoring, hisobot hamda verifikatsiya — MRV tizimini ishlab chiqish taklifi ham ilgari surildi. Bunda faqat tiklangan yer maydoni emas, balki o‘simlik qoplamining tiklanishi, tuproq holati, suv balansi, unumdorlik va ijtimoiy-iqtisodiy natijalar ham baholanadi. Dastlabki bosqichda ushbu standartni yerlarni tiklash bo‘yicha 5–10 ta loyihada sinovdan o‘tkazish taklif qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA