Tabiatga yetkazilgan zarar undirildi
Buxoro viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Atrof-muhit va bioxilmaxillikni asrash maqsadida doimiy ravishda nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, Kogon tumanida yovvoyi qirg‘ovul ovlagan shaxs sal kam 80 million so‘m jarimaga tortildi.

Aniqlanishicha, tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan O‘rta cho‘l massivi hududida nazorat reyd tadbirlari davomida hududda yashovchi fuqaro D.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan ov quroli bilan tegishli ruxsatnomasiz, 2 (ikki) bosh “Qizil kitob”ga kiritilgan yovvoyi qirg‘ovulni ovlaganligi ma’lum bo‘lgan.
Fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 3 million 750 ming so‘m, hamda tabiatga yetkazilgan zarar uchun 75 million so‘m jarima belgilangan.

Reyd tadbirlarida Qorako‘l tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tumanda yashovchi 4 nafar huquqbuzar cho‘l hududidan cho‘l o‘simligini olib kelayotganida inspektorlar tomonidan aniqlangan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularning har biriga 9 375 000 so‘mdan jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri