Tabarruk yoshli insonlar davlat va el e’zozida
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Shu kunlarda yurtimizning barcha joyida Xotira va qadrlash kuni hamda 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan millionlab insonlarga kulfat keltirgan fojea qurbonlari yodga olinmoqda. Bugun tabarruk yoshga yetgan faxriylarga hurmat-izzat ko‘rsatilayotir.
Prezidentimizning 2021 yil 20 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida hokimlar, davlat idoralari jamoat tashkilotlari vakillari urush faxriylarining xonadonlariga borib tabriklamoqda.
Jizzax shahridagi “Olmazor” mahallasida istiqomat qilayotgan Abdujalil ota Abdujabborov ikkinchi jahon urushining boshidan oxirgacha ishtirok etib, Berlingacha borib qaytgan jangchilaridan. Dahshatli qirg‘inbarot janglardan omon qaytgan irodali inson elimiz farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilib, bugun farzandlari, nevara-chevaralari ardog‘ida, davlatimiz g‘amxo‘rligidan bahramand umr kechirayotir.
Otaning xonadoni har yili Xotira va qadrlash kuni arafasida yaqinlari, mahalladoshlari bilan gavjum bo‘ladi. Viloyat hokimi Ergash Soliyev tabarruk qariyaning xonadoniga tashrif buyurib, Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va pul mukofoti, bayram sovg‘alarini harbiy orkestr sadolari ostida topshirdi.
Taburruk yoshga yetgan otaxon Prezidentimiz, davlat va jamoat tashkilotlari, yaqinlari, mahalladoshlarining g‘amxo‘rlik va e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.
– Davlatimizning tinchliksevar siyosati, xalqimiz turmushini yaxshilash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘nglim tog‘dek o‘sayotir,– deydi ota. – Shu yoshda men uchun Vatan tinchligi, elimiz farovonligi farzandlarim, nabiralarim kamolini ko‘rib turishdan katta baxt yo‘q. Biz, urush faxriylariga hurmat ko‘rsatib, barcha shart sharoitlarni yaratib berayotgan hukumatimizga ming rahmat.
Shu kuni viloyat hokimi Sharof Rashidov tumanida umurguzaronlik qilayotgan 100 yoshli Mamasharif bobo Sodiqovning ham xonadoniga borib, Prezident tabrigi va sovg‘asini topshirdi.
Ikkinchi jahon urushida Jizzax viloyatidan 39 620 nafar kishi qatnashgan edi. Bugun viloyatda 14 nafar urush faxriysi, 3 nafar Leningrad shahri qamali va fashistlar konslegerida bo‘lganlar istiqomat qilmoqda.
Ularning holidan xabar olindi.
[gallery-2335]
T.Beknazarov, J.Yorbekov(surat) O‘zA