Tabarruk onaxonlar uyida ovoz berdi
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida bir asrdan ortiq umr ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Ular ham milliy saylov qonunchiligimizda yaratilgan imkoniyatlardan foydlanib, o‘z uylarida ovoz bermoqda.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida bir asrdan ortiq umr ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Ular ham milliy saylov qonunchiligimizda yaratilgan imkoniyatlardan foydlanib, o‘z uylarida ovoz bermoqda.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan saylov okrugining ushbu tumanda joylashgan 371-saylov uchastkasi saylov komissiyasi a’zolari Yangiobod mahallasida istiqomat qilayotgan 110 yoshli Halima momo Abdullayevaning xonadoniga ko‘chma qutini olib bordi.
–Men saylovda nabiralarim, evara-chevaralarimning biz ko‘rgan qora kunlarni ko‘rmasligi, ularning baxt-iqboli uchun ovoz beraman, – deydi Halima momo. – Yaratganga shukr, xudoyim meni keksayganimda ko‘p siyladi, mana shunday osoyishta va farovon zamonni ko‘rishni nasib etdi. Davlatimiz g‘amxo‘rligi, xalqimiz e’zozida yashamoqdaman. Bizning bunday uzoq umr ko‘rishimizga asosiy sabab, yurtimizda keksalarga ko‘rsatilayotgan alohida va doimiy e’tibor deb bilaman. Ilohim, tinchligimiz abadiy, elimizning baxti butun bo‘lsin.
Tumandagi uchastka saylov komissiyalari a’zolari 116 yoshli Ortiqjon momo Otaboyeva, 107 yoshli Moriyaxon momo Komilova, 102 yoshli Siddiqa momo Raimqulova, 102 yoshli Mastura momo Uzoqboyeva, 101 yoshli Savrixon momo Shodmonova, 100 yoshli Melixon momo Tojiboyevalar xonadoniga ham ko‘chma quti bilan borib, tabarruk onaxonlarning ovoz berishini tashkil qildi.