Ta’lim va yoshlar tarbiyasi
M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: ilm-fan, ta’lim va yoshlar tarbiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: ilm-fan, ta’lim va yoshlar tarbiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Adliya vazirliklari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir Asosiy qonunimiz qabul qilinganining yigirma uch yilligiga bag‘ishlandi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, olimlar, yosh tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan Konstitutsiyamiz mamlakatimizda obod va farovon hayot qurish, Vatanimizni taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarish yo‘lining asosiy prinsip va qoidalarini belgilab bergani ta’kidlandi.
Bosh qomusimiz ertamiz egalarini mustaqil fikrli, shaxsiy manfaatlarini davlat va xalq manfaatlari bilan uzviy ko‘radigan barkamol shaxs etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Huquqiy madaniyat bu nafaqat qonunlarni bilish, huquqiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lish, balki qonunlarga qat’iy amal qilish va bo‘ysunish madaniyati ham demakdir, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Azizbek Odilov. – Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzamning mag‘zi shu. Bu borada ilgari surgan fikr-mulohazalarim soha mutaxassislari tomonidan yaxshi baholanganidan xursandman. Bu kabi konferensiyalar biz, yoshlarni ijtimoiy faol, qat’iy pozitsiyaga ega, o‘z hayotiy muammolarini aniq bilim, yuksak madaniyat bilan hal eta oladigan avlod etib tarbiyalashga xizmat qiladi.