Ta’lim maskanlari mavsumga shay
Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarni qish mavsumiga tayyorlash ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarni qish mavsumiga tayyorlash ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ta’lim maskanlarining muhandislik-kommunikatsiya tizimlari va isitish tarmoqlarini ta’mirlash va yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2015-yil 7-iyulda qabul qilingan Respublika iqtisodiyot va ijtimoiy tarmoqlarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Mavsumga tayyorgarlik ishlari shahar xalq ta’limi muassasalari, tegishli tashkilot va korxonalar hamkorligida amalga oshirilayotir. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amalga oshirilgan ishlar doimiy monitoring qilib borilayotir.
Chilonzor tumanidagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatda ham mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
– O‘tgan yili isitish, elektr ta’minoti bilan bog‘liq ayrim kamchiliklarga duch kelgan edik, – deydi maktab-internat direktori O‘lmas Kamolov. – Joriy yilda ta’lim muassasamizning isitish tizimi va elektr ta’minoti tarmoqlari to‘la ta’mirdan chiqarildi.
Joriy yilda poytaxtimizdagi 7 ta’lim dargohida rekonstruksiya, 397 umumta’lim maktabi, internat va maktabgacha ta’lim muassasasini joriy ta’mirlash, 24 ta’lim muassasasida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
– Hozirgi kunga qadar 273 ta’lim muassasasida ichki va tashqi isitish tizimlari ta’mirlandi, – deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi sho‘ba mudiri Ergash Magdiyev. – Ayni vaqtda muassasalardagi 32 qozonni joriy, 72 ming 435 metr kvadrat bino tom qismlarini kapital va joriy ta’mirlash ishlari olib borilayotir.
Ta’lim dargohlarida issiqlik me’yorida bo‘lishini ta’minlash maqsadida 3 ming 834 metr kvadrat yaroqsiz holga kelib qolgan deraza oynalari almashtirildi. 21 ta’lim dargohida elektr tizimi bilan bog‘liqkamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi. 1 ming 258 metr uzunlikdagi issiqlik tarmog‘i izolatsiyalandi.
O‘tgan qish mavsumida kuzatilgan kamchiliklar inobatga olingan holda, ta’lim dargohlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni sinchiklab o‘rganilmoqda. Soha xodimlariga barcha turdagi tizimlardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berilmoqda.