Suzish havzasining yangi qiyofasi
Qarshi olimpiya zaxiralari kollejining suzish havzasi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Qarshi olimpiya zaxiralari kollejining suzish havzasi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Qashqadaryo viloyatida 6 yopiq va ochiq suzish havzasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda yoshlarning suv sporti bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat sportchilari suzish bo‘yicha mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yuzdan ortiq medalni qo‘lga kiritgani ana shu e’tibor samarasidir.
Inshootning ochilishida Prezidentimiz rahnamoligida sport, xususan, bolalar sportini rivojlantirish, sportning ommaviyligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar yosh avlod qalbida vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Qisqa vaqt ichida ko‘rkam va zamonaviy qiyofa kasb etgan suzish havzasini qayta ta’mirlash ishlariga qariyb 2 milliard so‘m sarflandi. Binoning tashqi va ichki qismi, kiyinish va yuvinish xonalari butunlay yangi, zamon talablari darajasiga keltirildi. Sovuq va issiq suv uzluksizligi ta’minlandi. To‘qqizta yangi plastmassa yo‘lakcha o‘rnatildi.
– Qarshi olimpiya zaxiralari kolleji suzish havzasi mavjud imkoniyatlari jihatidan yurtimizdagi yetakchi sport inshootlaridan biridir, – deydi O‘zbekiston suzish federatsiyasi viloyat filiali raisining o‘rinbosari Bekzod Aliqulov. – Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga munosib sovg‘a sifatida qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan mazkur inshoot yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi. Bu yerda, shuningdek, sinxron suzish va suv polosini keng yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida suzish bo‘yicha viloyat terma jamoasining 12 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan sportchilari o‘rtasida musobaqa tashkil etildi. G‘oliblar tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.