Suvsozlar zamonaviy maxsus texnikali bo‘ldi
Termizda “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatiga 39 ta zamonaviy maxsus texnika topshirildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida suvsozlarga topshirilgan maxsus texnikalar shaharlar infratuzilmasi kompleks rivojlantirilayotgan vohada aholining sohadagi servis xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Prezidentimizning 2024-yil 31-yanvardagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qo‘shimcha yangi loyihalar asosida viloyatning yettita tumanidagi shahar va Boysun tumanidagi Omonxona turizm qishlog‘i yo‘l bo‘yida ichimlik suvi, suvoqova tarmog‘i, yo‘l infratuzilmasi tubdan yaxshilanib, ijtimoiy soha inshootlari barpo etilayotir, kichik mexanizmlar xarid qilinmoqda. Bu hududlarda infratuzilmaning tubdan yangilanayotgani aholi turmush darajasini yuksaltirib, kommunal xizmatlardan foydalanish samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, loyihada janubdagi vohada qariyb 81 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, ikkita suv inshooti bunyod etish, besh kilometr suvoqova tarmog‘i va beshta inshoot qurish rejalashtirilgan.

– Tizimga topshirilgan zamonaviy texnikalar yuzaga keladigan turli nosozliklarni tezkor tuzatib, qurilish-ta’mirlash ishlarini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi, – deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati boshlig‘i O‘ktam Abdulqosimov. – Ish unumdorligini oshiradi. Iste’molchilarimizning servis xizmatlarimizdan foydalanish darajasini yuksaltiradi. Keyingi yillarda sohani zamonaviy texnika va uskunalar bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor ko‘p vaqt va qo‘l mehnati talab etadigan va shu paytgacha murakkab jarayondek tuyulgan ishlarni yangi vositalar yordamida ancha yengil va tezkor bajarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu suvsozlarimiz vaqtini tejash va barcha ishlarni sifatli amalga oshirishga qulay imkoniyat yaratmoqda.

Viloyatda iste’molchilarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqava suv tizimlarini yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor tufayli joriy yilning birinchi choragida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi shu yil boshidagi 67,5 foizdan 68 foizga yetdi yoki 52 ta mahalladagi 12 ming 431 kishi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 31 ta mahalladagi 32 ming 553 nafar iste’molchining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.


Tadbirda suv ta’minoti korxonalariga yettita yuklagich ekskavator, to‘rtta gidrodinamik mashina, yettita quvurlar uchun payvandlash uskunasi, 14 ta assenizatsiya mashinasi, 7 ta ixtisoslashtirilgan avariya-ta’mirlash mashinasi tantanali topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri