Suvning har tomchisi qadrli
Yildan yilga aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa suvdan oqilona va tejab foydalanishni taqozo etmoqda.
Bugungi kunda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJ tizimidagi korxonalarda ham suvni qayta ishlatish, aylanma suv ta’minotini kengaytirish, shaxta va kon suvlaridan samarali foydalanish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga katta ahamiyat berilmoqda.
Birgina 2025-yilda kombinatning umumiy suv iste’molida qayta ishlangan suvlar ulushi 34 million kubometrni tashkil etdi. Bu esa tabiiy suv resurslarini tejash va ekologik ta’sirlarni kamaytirish borasida muhim natija hisoblanadi.
– Keyingi yillarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi tufayli kombinatning suvga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib bormoqda, – deydi “NKMK”AJ Mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi va ekologiya departamenti bo‘lim boshlig‘i Xayrullo Baqoyev. – Jumladan, bugungi kunda 2- va 7-gidrometallurgiya zavodlarida aylanma suv hajmi 11 million kubometrni, Markaziy kon boshqarmasida ochiq va yer osti konlaridan olinadigan suvlar hajmi 1,3 million kubometrni tashkil etadi. Zarafshon shahar oqova suv tozalash inshootlaridan 2,5 million kubometr tozalangan suv ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun qayta yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, 5-gidrometallurgiya zavodida aylanma suv hajmi 1,2 million kubometrni, 4-gidrometallurgiya zavodi va Marjonbuloq oltin ajratish sexida 1,4 million kubometrni, 1- va 6-gidrometallurgiya zavodlarida esa 2,9 million kubometrni tashkil etmoqda. Uchquduq shahar oqova suv tozalash inshootlaridan chiqqan tozalangan suvlar ham ishlab chiqarish jarayonlariga samarali jalb etilmoqda.
So‘nggi yillarda olib borilgan ishlar natijasida “Auminzo-Amantoy” koni hamda “Sharqiy” konining oshxonalaridan chiqqan oqova suvlarni tozalash inshootlari ishga tushirildi. Ularda tozalangan suvlardan “yashil hudud”larni sug‘orish va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalanilmoqda.
6-gidrometallurgiya zavodida esa maishiy oqova suvlarni tozalash va ulardan qayta foydalanish tizimi joriy etildi. Qayta ishlangan suvlar Alisher Navoiy nomli bog‘ daraxtlarini sug‘orishga yo‘naltirilib, suv resurslaridan oqilona foydalanishning samarali namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun NKMKda suv resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar nafaqat ishlab chiqarish barqarorligini oshirish, balki kelajak avlodlar uchun sog‘lom tabiiy muhitni saqlab qolishdek ulug‘ maqsadga ham xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri