Suvdan oqilona foydalanish – kun tartibidagi ustuvor vazifa
Suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bugun nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, balki oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik barqarorlik va aholi farovonligini ta’minlashning muhim shartiga aylanmoqda. Shu bois mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini takomillashtirish, joylardagi muammolarni aholi va fermerlar ishtirokida muhokama qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jizzax viloyatida tashkil etilgan ochiq muloqot ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qildi.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” majmuasida suv resurslaridan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan fermerlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi A. Eraliyev, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R. Qarshiyev, Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi A. Yangiyev, Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i M.Turdiboyev, shuningdek, soha tashkilotlari rahbarlari, tuman hokimligi vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish madaniyatini qaror toptirish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda hududlarda mavjud muammolarni joyida o‘rganish, fermer va tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini eshitish hamda ularni tezkor hal etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ochiq muloqot ana shu maqsadga xizmat qilib, suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarni bevosita ishlab chiqaruvchilar ishtirokida muhokama qilish uchun samarali maydonga aylandi.

Fermerlar va tadbirkorlar tomonidan sug‘orish mavsumida suvni belgilangan limitlar asosida o‘z vaqtida yetkazib berish, kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash ishlarini jadallashtirish, gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash, kanallarni tozalash uchun maxsus texnikalar ajratish, shuningdek, lotok tarmoqlarini ta’mirlash bilan bog‘liq qator taklif va murojaatlar bildirildi.
Mas’ullar har bir masala yuzasidan atroflicha fikr almashib, amaliy yechimlarni belgiladi. Ayrim murojaatlar joyidayoq hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Xususan, 15 nafar fermerning murojaati joyida ijobiy hal etildi. Yana 8 ta murojaat nazoratga olindi, 2 ta masala bo‘yicha esa qo‘shimcha o‘rganish ishlarini amalga oshirish belgilandi.
Ochiq muloqot davomida suvdan oqilona foydalanish har bir qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchisining iqtisodiy manfaati bilan birga, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat ekani alohida ta’kidlandi.
Bugun suvning har bir tomchisi hisobli. Uni asrash, tejash va samarali boshqarish esa davlat idoralari, suv xo‘jaligi tashkilotlari, fermerlar va barcha suv iste’molchilarining umumiy vazifasidir. Jizzax viloyatida o‘tkazilgan mazkur ochiq muloqot ana shu maqsad yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri