Suv xo‘jaligida huquqiy tizim yangicha yondashuv asosida takomillashmoqda
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida qonun ustuvorligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda vazirlikning yuridik xizmati va murojaatlar bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi qarori ijrosi doirasida yuridik xizmat tizimini takomillashtirish, huquqiy tartib-taomillarni yanada shaffof va samarali qilishga alohida e’tibor qaratilyapti. Natijada vazirlik faoliyatida qabul qilinayotgan ichki hujjatlar va huquqiy qarorlarning sifati yaxshilanmoqda.
Vazirlikning yuridik xizmat va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi rahbari Behzod Rajabovning ta’kidlashicha, joriy yil davomida vazirlik yuriskonsultlari tomonidan turli normativ va huquqiy hujjatlar, jumladan, buyruqlar, xo‘jalik shartnomalari, xalqaro loyihalar doirasidagi memorandumlar, kelishuvlar va boshqa huquqiy hujjatlar amaldagi qonunchilikka muvofiqligi bo‘yicha chuqur huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Ushbu jarayonda aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli huquqiy xulosalar berib borilmoqda.
–Shuningdek, mehnat munosabatlari sohasida ham tizimli huquqiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan bo‘shatish, mehnat ta’tillari berish, intizomiy choralarni qo‘llash hamda kasaba uyushmalari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan amaliy huquqiy yordam ko‘rsatilyapti. Bu esa vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlarida mehnat munosabatlarining huquqiy asosda tashkil etilishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasi ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Ushbu hujjat xodimlar manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy-huquqiy kafolatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – dedi u.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushgan sud hujjatlari, qarorlar va boshqa materiallar ijrosi bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, ularning oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilayotir.
Behzod Rajabov qayd etganidek, shartnomaviy-huquqiy ishlar, da’vo-talabnoma jarayonlari hamda tizim tashkilotlarining mulkiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha muntazam ravishda uslubiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
–Aholi va tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilyapti. 2026-yilning birinchi choragi davomida vazirlikka 544 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning asosiy qismi suvdan foydalanish, irrigatsiya va melioratsiya, nasos stansiyalari faoliyati, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq. Ushbu murojaatlarning 90 foizi ijobiy hal etilgan. Murojaatlarni tezkor va samarali ko‘rib chiqish maqsadida vazirlik tizimida Prezident virtual qabulxonasi bilan integratsiyalashgan hamda 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi call-markazlar ishlab turibdi. Bu esa fuqarolar muammolarini tezkor hal etish, takroriy murojaatlar sonini kamaytirish va tizim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deya ta’kidladi B.Rajabov.
Aytish kerakki, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida bu kabi huquqiy tizimni takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda murojaatlar bilan ishlash sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sohada yangi, zamonaviy yondashuvlarni shakllantirmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA