Suv tejamkorligi davr talabi (+video)
“Suv tekin emas” tushunchasini aholi ongiga chuqur singdirish va buni kundalik turmush qoidasiga aylantirish barchamizning asosiy vazifamiz bo‘lishi lozim. Suv xo‘jaligi vazirligining Axborot-tahlil va resurs markazida o‘tkazilgan matbuot anjumani ushbu so‘zlar bilan boshlandi.
Prezidentimizning joriy yil 5 yanvarda qabul qilingan “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida suvni iqtisod qilish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan bo‘lib, anjuman avvalida soha mutaxassislari mazkur hujjat mazmun –mohiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
Anjumanda Toshkent viloyati misolida kanal va ariqlarni betonlashtirish, suvdan samarali foydalanishda suv tejovchi texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati xususida ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlandiki, joriy yilda poytaxt viloyatida 1300 km uzunlikdagi kanal va ariqlarni betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kun holatiga ko‘ra 663 km qismiga beton qoplamasi yotqizildi.
Anjuman davomida kanallarni betonlashtirish borasida qilinayotgan ishlar haqida ham keng ma’lumot berildi. Jumladan, “Kanallarni betonlash bo‘yicha dolzarb yil”da vegetatsiya davriga qadar byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan 554,5 km kanallarni rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan. Ob’ektlarga 700 ta qurilish texnikalari va mexanizmlar hamda 1900 nafardan ortiq ishchi-quruvchilar jalb qilinib, 155 kilometrdan ziyod kanalda yer ishlari, 65 km kanalda beton ishlari bajarildi.
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan ekin maydonlari 94 ming gektarni tashkil etadi. Bu yil yana 43 ming 300 gektarda ana shunday texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, barcha hududlarda ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish tadbirlari ham olib borilmoqda. O‘tgan 2023 yilning kuzidan buyon klaster va fermer xo‘jaliklari mablag‘lari hisobidan salkam 6 ming km ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilgan.
- Bir o‘simlikni ekkandan toki uni yig‘ishtirib olguncha ketadigan mahsulotni u o‘g‘it bo‘ladimi, texnika bo‘ladimi, texnikaga ketadigan yoqilg‘i-moylash materiallarimi dehqonlardan so‘raganimizda aniq javobini ayta biladi. Lekin shu o‘rinda: “Hosilni olishgacha qancha suv sarflaysiz?” - degan savolga aniq javob ololmaymiz, - deydi Chirchiq-Ohangaron Irrigatsiya tarmoqlari havza boshqarmasi bosh mutaxassisi Turop Qayumov. - “Suv tekin ekan”, degan tushuncha saqlanib qolyapti. Suvga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirmasak, hosildorlikni oshirish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. (davomi videoda)
Qarorga binoan, suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berishda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etilgani aytib o‘tildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Bag9cRr3Bxs" title="Suv tejamkorligi davr talabi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 100 so‘m etib belgilandi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan Davlat byudjetiga tushgan tushumning 40 foizi Suv yetkazib berish xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning balansidagi ob’ektlarni saqlash va texnik holatini yaxshilash harajatlariga yo‘naltiriladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA