Suv ta’minotida uzilish bo‘lmaydi
Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Ikki daha” (“Dvoynik”) suv inshooti Prezidentimizning “Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash loyihasini xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq barpo etilgan.
Inshoot Qorako‘l va Olot tumanlarining 230 ming nafarga yaqin aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash imkonini berdi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov Olot tumanidagi “Ikki daha” (“Dvoynik”) suv inshootida bo‘lib, sovuq ob-havo kunlarida inshootning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Viloyat rahbari tegishli mas’ullar bilan noqulay ob-havo sharoitida inshoootdagi suv rezervuarlarining muzlab qolishi holatlarini oldini olish, aholiga bir maromda toza ichimlik suv yetkazib berish masalalarini muhokama qildi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq va vazifalar berildi.

Ma’lumot uchun, Qorako‘l va Olot tumanlarini asosiy suv manbasi hisoblanadigan “Ikki daha” (“Dvoynik”) suv tozalash inshooti 1975 yilda qurilgan bo‘lib, bir kecha kunduzda 12 ming metr kub suvni tozalash quvvatiga ega bo‘lgan. Biroq qurilganidan buyon modernizatsiya qilinmaganligi sababli ma’nan eskirgan, inshootdan aholiga boradigan suv sifati iste’molga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Hozirgi kunda u O‘rta Osiyo davlatlarida analogi yo‘q inshoot hisoblanadi. Uning kunlik ichimlik suv yetkazib berish quvvati 50 ming kub metrga oshirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA