Suv sport turlarini ommalashtirish masalasi muhokama qilindi
«Uzbekistan Aquatics» federatsiyasi Sport vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizda suv sportini tizimli rivojlantirishga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish o‘tkazdi.
Hududlarda suv sportini yanada rivojlantirish, tashkiliy ishlarni takomillashtirish va joylarda ish samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda suv sport turlari bo‘yicha murabbiylar va hakamlarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Suzish, suvga sho‘ng‘ish, sinxron suzish va suv polosi bo‘yicha tashkil etilishi ko‘zda tutilgan o‘quv seminarlar muhokama qilindi.

Joriy yilgi mintaqaviy ish rejalarini tayyorlash, suzish havzalarida ochiq eshiklar kunini o‘tkazish, sport festivallarini tashkil etish va mahalliy darajada musobaqalar amaliyotini kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va basseynlardan foydalanish samaradorligini oshirish borasida mas’ullarga aniq yechimlarni ishlab chiqish vazifasi yuklandi.
2026-yil sport mavsumi uchun mintaqaviy taqvim rejalarni tasdiqlash, sportchilar reyestrlarini yaratish va hududlarda suv polosi klublarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA