Suv muhofazasida mas’ullarning javobgarligi oshiriladi
Yurtimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, suvlarning davlat hisobini yuritish tizimini takomillashtirish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Endilikda suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini muhofaza qilish sohasida mas’ul shaxslarning javobgarligini oshirish masalasi ko‘zda tutilmoqda.
Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv xo‘jaligi sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi suvlarning davlat hisobini yuritish, suv xo‘jaligi ob’ektlari va qurilmalaridan foydalanish qoidalari, shuningdek, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishiga bevosita mas’ul bo‘lgan shaxslarning mas’uliyatini oshirish hamda oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan. Muhokamalarda deputatlar loyihaning ahamiyati va zaruratiga alohida to‘xtaldi.
Fikr-mulohaza va takliflardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi A.Abduhakimovga “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish masalasi ham muhokama qilinib, tegishli qaror qabsl qilindi.
M.Komilova,
O‘zA