Suv bayramidagi fojia...
Tailandda Songkran bayrami kunlarida yo‘l-transport hodisalari keskin ko‘payib, uch kun ichida 191 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odam jarohatlandi.
Ushbu mamlakatda har yili nishonlanadigan bu tadbir davomida yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irlashdi. Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi uch kun ichida 191 kishi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha, shu davr mobaynida jami 951 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada 911 fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Ayniqsa, bayramning ilk kunida 51 nafar inson hayotdan ko‘z yumgani holat o‘ta jiddiyligini ko‘rsatdi.
Mutaxassislar fikricha, fojialarning asosiy sababi tezlikni me’yordan oshirish (taxminan 42 foiz) va mast holda transport boshqarish (27,4 foiz)dir. Shuningdek, mototsikl haydovchilari muhofaza dubulg‘alari kiymasligi ham o‘lim va jarohatlar soni ortishiga olib kelgan.
Statistika yo‘l-transport hodisalari ko‘proq 15:00-18:00 oralig‘ida yuz berganini isbotlagan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga muvofiq, Tailand yo‘l-transport hodisasi ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyodagi eng xavfli davlatlardan biri bo‘lib, tegishli reytingda 9-o‘rinni band etgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA