Surxonning eng ishbilarmon ayollari saralandi
Termizda O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati kengashi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari hamda viloyat kasaba uyushmalari kengashi hamkorligida mustaqilligimizning 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol-2023” ko‘rik-tanlovining respublika hududiy bosqichini o‘tkazdi. Unda tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan fermer, tadbirkor, hunarmand xotin-qizlar ishtirok etdi.
Xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlik, hunarmandlik va fermerlikka jalb etib, bandligiga ko‘maklashish orqali yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qilayotgan an’anaviy tanlov har yili yangi ishbilarmon ayollarni kashf etayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.


Ko‘rik–tanlov nizomiga muvofiq uning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 15 nafar ishtirokchi mahsulotlari ko‘rgazmasi keng namoyish etildi. Ko‘rgazmada ishbilarmon ayollarning qishloq xo‘jaligi va qandolat mahsulotlari, tikuvchilik-bichuvchilik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik va boshqa ishlab chiqargan tayyor buyumlari keng namoyish etildi.
—Ko‘p yillardan buyon gulchilik va tikuvchilik bilan shug‘ullanib, ko‘plab shogird tayyorladim, — deydi Qumqo‘rg‘on tumani Mehrabod mahallasidagi «Begoyim Nafosat» xususiy korxonasi rahbari Nilufar Musurmonova. — Hozir tabiiy gullar bilan birga sun’iy gullardan ham dekorativ buyumlar yasab, sotyapmiz. Bugungi kunda bu mahsulotimiz ham xaridorgir. Shuningdek, ikkita tikuvchilik sexi ochganmiz. Yaqinda to‘quv iplari yordamida qo‘g‘irchoqlar yasashni yo‘lga qo‘ydik. Mahalladagi 50 nafar kishini ish bilan ta’minlaganman. Ularning aksariyati daftarlarda ro‘yxatda turadigan ayollar va yoshlardir. Kelajakda hunarmandchilik markazi ochishni ham rejalashtirganmiz. Bugun ana shu tayyor mahsulotlarim bilan “Ishbilarmon ayol–2023” ko‘rik-tanlovida ishtirok etdim. Albatta, partiyaning tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlayotgani bizga yanada kuch va shijoat bag‘ishlaydi.


Tanlovda hakamlar hay’ati ishtirokchilar namoyish etgan mahsulotlar, korxona faoliyatiga oid rolik va tegishli hujjatlar bilan tanishdi. Har bir nomzod ishlab chiqarayotgan mahsuloti, uning sifati, yaratgan ish o‘rni va sotuvi, eksport hajmi haqida ma’lumot berdi.
Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Muzrabot tumanidagi “Tilov Hoji” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisasi Shoira Tilovova ko‘rik-tanlovning hududiy respublika bosqichi g‘olibi, deb topildi.


— 100 gektar maydonda paxta va g‘alla yetishtirish barobarida boshqa tarmoqlarni ham rivojlantiryapmiz, — deydi tajribali fermer Shoira Tilovova. —Mosh, loviya, guruch yetishtirishni yo‘lga qo‘yganmiz. Issiqxona tashkil qilib, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri yetishtiramiz. Tikuvchilik seximizda 12 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Xo‘jaligimizning barcha tarmog‘ida 70 dan ortiq kishi ish bilan band. O‘zLiDePning mazkur ko‘rik-tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritganimdan quvonchim cheksiz. Mendek bir qishloq ayolining mehnatini qadrlab, munosib baho berishgani jamoamizga yangi kuch-quvvat berdi. Tadbirkor ayollari har taraflama qo‘llab–quvvatlanayotgan jamiyatda yashayotganimdan faxr hissini tuydim.


Ko‘rik-tanlovda Denov tumanidagi “Saodat Denov Textile” xususiy korxonasi rahbari Zarina Toshmuratova ikkinchi, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Begoyim Nafosat” xususiy korxonasi rahbari Nilufar Musurmonova uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri