Surxondaryolik tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Prezidentimizning tegishli farmon va farmoyishlariga muvofiq, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh surxondaryolik tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Taqdirlanganlar orasida 3 nafar tadbirkor davlat mukofotlariga, yana 8 nafari “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
Mukofotlarni topshirish marosimida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tadbirkorlarni erishgan yutuqlari bilan qutladi. Voha iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va yangi loyihalarni amalga oshirishda ularning tashabbusi va mehnati muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
[gallery-30945]
Shundan so‘ng “Do‘stlik” ordeni, “Jasorat” va “Shuhrat” medallari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda nuroniylar, faxriylar, tadbirkorlar va faol yoshlar ishtirok etdi. Suhbatlar davomida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ishbilarmonlik tashabbuslarini rag‘batlantirish borasida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi.
Davlat mukofotlari tadbirkorlarning mehnati va tashabbuslariga berilgan yuksak e’tirof bo‘lib, ularni yangi loyihalarni amalga oshirish va voha taraqqiyotiga yanada munosib hissa qo‘shishga undaydi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA