Surxondaryolik o‘g‘lonlar muddatli harbiy xizmatga yo‘l oldi
Termiz shahridagi Xotira maydonida muddatli harbiy xizmatga otlangan bir guruh mard, jasur o‘g‘lonlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyat hokimligi, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, Termiz harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, keng jamaotchilik vakillari, askarlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik P. Sativaldiyev Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tinch, farovon hayotimizni ta’minlashdagi o‘rni haqida atroflicha fikr yuritdi. Chaqiriluvchilarning Vatan oldidagi yigitlik burchini sharaf bilan o‘tashiga omad tilab, ularning Amir Temur, Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratiga sodiq bo‘lishiga katta ishonch bildirdi.

–Bugun o‘g‘lim Otabekjon ham boshqa tengdoshlari qatori muddatli harbiy xizmat burchini o‘tashga yo‘l olmoqda,–deydi angor tumanilik Muhabbat Navbatova.–Bu oilamiz uchun sharaf. Farzandlarimizning konstitutsiyaviy burchini o‘tash uchun yo‘l olgani biz, onalarga 8-mart –Halqaro xotin-qizlar bayrami uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Ochiq tanlovda Otabekjonning barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, egniga harbiy libos kiygani bilan bir umr faxrlanamiz.

Vatan himoyasiga otlangan askarlarga harbiy orkestr kuy sadolari ostida “Armiya–hayot maktabi” kitobi, sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi.
–Vatan tinchligi, yurt to‘kinligi yo‘lida xizmat qilish har bir yigit uchun muqaddas burch,–deydi Termiz tumani mudofaa ishlari bo‘limi chaqiriluvchisi, muddatli harbiy xizmatchi Sanjar Jo‘rayev.

– Ana shu vazifani ado etish orzusi bilan o‘tgan yili dastlabki bosqichda tuman tibbiyot xodimlarining ko‘rigidan o‘tdim. Keyin jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha nazorat sinov mashqlarini topshirdim. Kuch tuzilmalari suhbatidan o‘tib, viloyatga yo‘llanma oldim. Bu yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, rahbariyat Kengashi suhbatida bo‘ldim. Ochiq, oshkora tanlov asosida saralab olinganlar safida muddatli harbiy xizmatga jo‘anayotganimdan quvonchim cheksiz. Endi Jizzax viloyatida yurtimiz osayishtaligi, xalqimiz tinchligi va obod hayot uchun xizmat qilaman. Zimmamga yuklatiladigan barcha vazifalarni a’lo darajaja bajarib, ota-onam bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytishga so‘z beraman.

Tadbir yakunida xizmatga yo‘l olgan askarlarga osh tarqatildi. Sanatkorlarning qiziqardi konsert dasturi namoyish etildi.
Shu kuni o‘g‘lonlar Termiz temir yo‘l vokzalidan tantanali kuzatildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA