Surxondaryolik hunarmandlar taqdirlandi
Termiz shahridagi “Hunarmandchilik mahsulotlari galereyasi”da “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi”ga kiritilgan surxondaryolik yangi a’zolarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi”ni joriy etish belgilangan edi. Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga chet el safarlariga chiqishda safar xarajatlarining 50 foizi to‘lab berilishi, hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun ularga yer ajratilishi hamda imtiyozli ravishda kreditlar ajratilishi, shogirdlari sonining mutlaqo cheklanmasligi kabi bir qator imtiyozlar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-2030]
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat “Hunarmand” boshqarmasi boshlig‘i Muhayyo Jo‘rayeva mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini saqlab qolish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish orqali ularning ish bilan bandligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor xususida alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlash joiz, Surxondaryo viloyati bo‘yicha jami 30 nafar usta hunarmand Milliy katalogga kiritildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar, O‘zA