Surxondaryolik bo‘lg‘usi hojilar safarga kuzatildi
Termiz xalqaro aeroportida Surxondaryo viloyatidan haj safariga yo‘l olgan ziyoratchilarning dastlabki guruhini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mamlakatimizda keyingi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va mo‘min-musulmonlarning muqaddas haj amallarini ado etishi uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida so‘z yuritdi. Tabarruk Ka’batullohni ziyorat qilish uchun yo‘l olgan bo‘lg‘usi hojilarga yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida fikr almashdi. Ularga oq yo‘l va safarlarining xayrli, ibodatlarining maqbul bo‘lishini tiladi.

“Haj-2026” dasturi doirasida bu yil viloyatdan 880 dan ortiq mo‘min-musulmon ziyorat amallarini emin-erkin ado etadi. Yetti nafar surxondaryolik “Prezident hojisi” loyihasi asosida bepul yo‘llanma bilan haj amallarini bajaradi.

Kuzatuv marosimida viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev bo‘lg‘usi hojilarga haj amallarini to‘laqonli va tartibli ado etish yuzasidan tavsiyalar berib, yo‘llari bexatar, ibodatlari qabul bo‘lishini so‘rab, duoga qo‘l ochdi. Ezgu orzu va qalbdagi niyatini ado etish uchun safarga otlangan ziyoratchilar yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlatimizga minnatdorlik bildirib, muqaddas zaminda Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz taraqqiyoti uchun duo qilishlarini qayd etdi.
Bo‘lg‘usi hojilar Termiz xalqaro aeroportidan zamonaviy havo kemasida Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri