Surxondaryoda shaftoli eksporti boshlanmoqda
Termiz tumanida parvarishlanayotgan ertapishar 66 ming 75 dona shaftoli ko‘chati besh yil avval 245 ming dollar evaziga Gretsiyadan keltirilib, “Termiz” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida rasmiylashtirilgan.
O‘tgan yillarda mahalliy iqlimga moslashgan ko‘chatlar bu yil yanada ko‘proq hosil tugdi. Mohir bog‘bon esa boldek shirin eksportbop mevaning xaridori borligi bois xo‘jalik nomini ochiqlamaslikni so‘radi. Ayni paytda janubning quyosh nuriga to‘yinib pishgan shaftoliga Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlar xaridor bo‘lmoqda. Shu kunlarda bog‘dagi hosil terilib, saralanayotir. Xorijlik buyurtmachilarga jo‘natish uchun qadoqlanib, eksportga tayyorlanmoqda.



Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralovning ma’lum qilishicha, shaftoli eksportida bojxona xodimlari ham faol ishtirok etadi. Ular tadbirkorga “Eksport uch qadamda” amaliyoti orqali daladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijga eksport qilish tartiblari, eksport shartnomasi va yo‘l yuk hujjatlarining elektron nusxalari orqali bojxona axborot tizimlari avtomatik tarzda inson omilisiz bojxona yuk deklaratsiyalarini shakllantirishi haqida atroflicha ma’lumot bermoqda.




O‘tgan yil viloyat eksportyorlari jahonning Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Quvayt va Mo‘g‘uliston davlatiga qariyb 10 million dollar qiymatidagi 11 ming 200 tonna shaftoli eksport qilgan. Joriy yil bog‘larda meva hosilining serobligi shaftoli eksportini ko‘paytirishga qulay imkoniyat yaratmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri