Surxondaryoda rahbarlar tarkibida o‘zgarishlar
Qiziriq tumani hokimi Sherzod Rajabov Surxondaryo viloyati hokimining, moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Sh.Rajabov Surxondaryo viloyati hokimligi guruh rahbari, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining bo‘lim boshlig‘i, direktor o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan. Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar 2023-yildan Qiziriq tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.

2023-yildan buyon viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari
bo‘lib ishlagan Anvar Oripov Qiziriq tumani hokimi bo‘ldi.
A.Oripov Toshkent viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasida, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida turli vazifalarda ishlagan. Surxondaryo viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig‘i, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i, Vazirlar Mahkamasida shu’ba yetakchi mutaxassisi, Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri