Surxondaryoda MIB xodimlari ko‘chat ekmoqda
Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi xodimlari «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yaqinda foydalanishga topshirilgan ma’muriy bino atrofidagi bo‘sh yerlarga kuzgi ko‘chat ekib, hududni ko‘kalamzorlashtirdi.
– Yaxshi niyatlar bilan qadayotgan ko‘chatlarimiz hademay yozning chillasida quyuq soya beradigan daraxtga aylanadi, – deydi MIB Termiz shahar bo‘limi boshlig‘i Olim Xolmo‘minov. – Mevali daraxtlarimiz hosilga kiradi. Tevarak-atrof yashillikka burkanib, havo musaffo bo‘ladi. Shunday ezgu maqsadda bugun yangi bino atrofiga yuz tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdik. Yana yuz tupdan ortiq manzarali va 20 tup mevali daraxt ko‘chatini ekib, mo‘’jazgina bog‘ barpo etmoqchimiz.

Mamlakatimizda e’lon qilingan daraxt ekish bo‘yicha «Dolzarb 40 kunlik»doirasida MIB Termiz tumani bo‘limi xodimlari ham o‘zlari faoliyat yuritayotgan ma’muriy bino atrofini yashillikka burkadi.
– Prezidentimiz ilgari surgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi xodimlarimizni yagona ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, bo‘sh turgan yerlarni ko‘kalamzorlashtirishga undadi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov. – Ular nafaqat, ma’muriy binolari atrofi balki, hududdagi ko‘chalarning bo‘sh turgan yerlariga ham turli manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazishga bel bog‘ladi.

Majburiy ijro byurosining boshqa tumanlar bo‘limlari xodimlari ham daraxt va buta ekish bo‘yicha «Dolzarb 40 kunlik»da faol ishtirok etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA