Surxondaryoda ko‘chat ekish boshlandi
Surxondaryo viloyatining barcha tumanlari va Termiz shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish bo‘yicha "Dolzarb 40 kunlik" tadbiriga start berildi.
Shu munosabat bilan Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Takidlanganidek, Prezidentimiz raisligida joriy yilning 11-oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022 yilning 20-oktyabridan 1-dekabrigacha mamlakatimizda ko‘chat ekish bo‘yicha "Dolzarb 40 kunlik" tadbiri e’lon qilingan edi. Shunga muvofiq viloyatda tegishli chora-tadbir belgilanib, tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishga alohida hozirlik ko‘rildi.
-Hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlariga qaratilayotgan bunday yuksak etibor Yangi O‘zbekistonni dunyoga keng tarannum etishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda, – deydi senator Orziqul Soatov. – Zero, har bir ekilgan nihol ulkan daraxtga aylanib, tabiatning go‘zalligini, atmosfera havosining musaffoligini ta’minlaydi. Sayyoramizning turli davlatlaridan kelayotgan mehmonlarga o‘zgacha tarovat, fayz ulashadi.
Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahorgi ko‘chat ekish mavsumida 10 million 57 ming tup daraxt va buta ko‘chati ekilgan edi. Kuzgi mavsumda 6 million 500 ming dona manzarali, mevali va buta ko‘chatini qadash rejalashtirilgan. Ko‘chatlar narxining o‘sib ketishi oldini olish uchun Termiz shahri va tumanlar markaziy dehqon bozorlari hamda mahalla markazlarida ko‘chat sotish yarmarkalari tashkil etiladi. Markaziy ko‘chalarga bir turdagi daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali “chinor ko‘chasi”, “qarag‘ay ko‘chasi”, “uzum ko‘chasi” kabi 15 dan ortiq namunaviy ko‘chalar tashkil etilishiga alohida ahamiyat beriladi.
Vohada "Dolzarb 40 kunlik” tadbirida ko‘chat ekish ishlarini tizimli va uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun ishchi guruh tuzilib, viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlari, mahallalar, yo‘l bo‘ylari, dala chetlarida ekiladigan daraxt va butalar miqdori, turi hamda hududlarga ko‘chat yetkazib beruvchi sub’ektlar belgilab olingan.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri