Surxondaryoda eksport hajmi oshmokda
Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini chegara maskanlari orqali joriy yilning o‘tgan davrida xorijga jo‘natilayotgan 172 ming 399.5 tonna 81 ming 775 dona karantin ostidagi mahsulotga 7 ming 397 dona xalqaro fitosanitariya sertifikati berildi.
Bu haqda O‘zAga viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Rajabgul Muhammadiyeva malum qildi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘simlik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, xavfli zararkunandalar, o‘simliklar kasalligi, begona o‘tlardan ishonchli himoyani ta’minlovchi ichki va tashqi o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida etibor qaratilmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar eksport xilma-xilligini ko‘paytirish, Yangi O‘zbekiston uchun yangi xorij bozorlarini ochish va mamlakatimiz hududidan fitosanitar toza mahsulot chiqarilishini ta’minlashda o‘z samaralarini bermoqda. Bu jarayonda soha mutaxassislarining mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish sifati va natijadorligi oshib borayotir.
Janubdagi vohadan Afg‘oniston, Rossiya, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Xitoy, Ukraina, Ozarbayjon, Belarussiya, Latviya, Turkiya, Niderlandiya, Germaniya, Eron, Janubiy Koreya kabi davlatlarga barcha turdagi sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar, uzum, quruq va xo‘l mevalar, anor, bug‘doy va barcha turdagi texnik yuklar eksport qilinayotgani bunga yaqqol dalildir.
– Eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga mahsulotlarni xorijiy davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirish, tegishli maslahat va amaliy yordam berish uchun o‘simliklar karantini davlat inspektorlari biriktirilgan, – deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tashqi karantin bo‘limi boshlig‘i Akram Absamatov. – Mamlakatimizdan eksportga jo‘natilayotgan va uning hududiga olib kirilayotgan o‘simliklar karantini nazorati ostidagi mahsulotlarni, o‘simliklarning zararli organizmlarini olib o‘tishi mumkin bo‘lgan urug‘larni, o‘simliklarni, o‘simliklar karantin tekshiruvidan, laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazishda xalqaro norma va qoidalarga, davlat karantin fitosanitariya tadbirlari va davlatlar o‘rtasidagi savdoga ko‘maklashishni muvofiqlashtirishga tayanib ish olib borilmoqda. Bunday samarali zamonaviy tizim mamlakatimiz hududidan fitosanitar toza mahsulot chiqarilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Viloyatda shu yilning dastlabki olti oyida 147 ming 279.5 tonna karantin ostidagi mahsulotga xalqaro fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirilgan bo‘lsa, shu kungacha 172 ming 399.5 tonna mahsulotga tegishli xalqaro hujjat berildi.
Mutaxassislarning takidlashicha, mamlakatimiz hududidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotlarni eksport qilish “O‘simliklar karantini to‘g‘risida“gi qonun va Nizomga, Xalqaro shartnomalar qoidalariga muvofiq boshqa qonunosti xujjatlariga asosan amalga oshiriladi. Bunda mahsulot O‘zbekiston Respublikasi xududidan olib chiqilishi taqiqlangan karantin ostidagi mahsulotlar ro‘yxatiga kirmagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, mahsulot eksporti bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasiga karantin ostidagi mahsulotni yuklab jo‘natish sanasi to‘g‘risida kamida 10 kun oldin xabar berishi lozim.
– Shundan so‘ng mahsulot yuklab jo‘natiladigan joyda karantin inspektorlari nazoratidan o‘tkazilib, ulardan viloyat hamda Markaziy karantin labaratoriyasiga namunalar jo‘natiladi, – deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tashqi karantin bo‘limi bosh mutaxassisi Yusuf Toshboltayev. –Fitosanitar tozaligi yoki soha xodimlarining tajribasidan kelib chiqib xulosalanadi. Joylarda eksportga yuklanadigan maxsulotlarning transport vositalari zararsizlantirilib, ichki fitosanitariya sertifikati bilan ta’minlanadi. Shunga asosan tashqi iqtisodiy faoliyat karantin inspektori tomonidan karantin nazoratidan o‘tkazilib xalqaro fitosanitariya sertifikati beriladi.
Viloyatda yangi karantindagi zararli organizmlarning paydo bo‘lishi va tarqalishi, shuningdek, ularga qarshi kurashish va va hamkor davlatlar hududida ular tarqalishining oldini olish choralari to‘g‘risida ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yilgan. Bu karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish, olib chiqish va tranzitini tartibga solishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA