Surxondaryoda burch, jasorat va matonat ulug‘landi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi amfiteatr maydonida “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida bayram tadbiri va vatanparvarlik sayli bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyatidagi mehnat fronti va mehnat faxriylari, harbiylar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda Ikkinchi jahon urushi yillari surxondaryoliklar ham Vatanga sadoqat burchini keng namoyon etib, urush o‘choqlarida jasorat ko‘rsatgani, mehnat frontida tunu kun matonat bilan ishlagani ta’kidlandi. Ikkinchi jahon urushi yillari 53 ming 360 dan ortiq surxondaryolik frontga jo‘natilgani va ularning 11 ming nafardan ortig‘i jangu jadallarda jasorat namunalarini ko‘rsatib, mardlarcha halok bo‘lgani yodga olindi.

Urushdan omon qaytganlarning ham aksariyati jang maydonlarida olgan jarohatlari bilan Vatanga kelib, urushdan keyingi tiklanish yillarida turli sohalarda fidokorona ishladi. Ayni paytda viloyatda bir nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 500 dan ortiq front orti mehnat faxriysi tinch-to‘kin istiqomat qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi boshlangan ilk davrlardan viloyatning 18-harbiy o‘quv punktida armiya uchun jangchilar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, qisqa vaqtda besh mingdan ortiq pulemyotchi, minomyotchi, tankka qarshi qiruvchi, mudofaaga ko‘maklashuvchi tashkilot yo‘l-yo‘rig‘i bilan 18 ming harbiy mutaxassis, 1942-yil 6 ta maxsus ayollar va qizlar bo‘linmalari tuzilib, bir yil ichida 246 nafar o‘quvchi-qiz frontga tayyorlangan. 25 ta sanitar ko‘ngilli guruh tashkil etilib, jang maydonlari uchun 260 nafar malakali hamshira va feldsherlik kasbiga o‘qitilgan. Frontga ketganlarning joyini ularning onalari, turmush o‘rtoqlari, qizlari va o‘spirin o‘g‘illari egallagan. O‘quv kurslarida 135 nafar qizga traktoristlik kasbi o‘rgatilgan. Shaxsiy jamg‘armaga ega surxondaryoliklarning aksariyati o‘z mablag‘ini samolyot, tank qurilishi uchun topshirgan.

Yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan vatanparvarlik saylida harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Mehnat fronti va mehnat faxriylari bayram dasturxoni atrofida hozirgi tinch, to‘kin, farovon turmushga shukrona aytib, bolalik, yoshlik davrlarida ko‘rgan qiyinchiliklarini yodga oldi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi keksa avlod vakillariga bayram kayfiyatini ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA