Surxondaryoda bolalar poytaxtlik mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining «Ezgulik manzili» xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya doirasida Toshkent shahridan yetakchi va yuqori malakali shifokorlar Surxondaryoga tashrif buyurib, bolalarni chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Mutaxassislar travmatologiya, plastik xirurgiya, kardioxirurgiya, oftalmologiya, nevrologiya, urologiya va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, ularning salomatlik holatini baholadi.
Tibbiy aksiya doirasida jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji bo‘lgan bolalarga Termiz shahrida murakkab operatsiyalar ham amalga oshirildi. Jarrohlik amaliyotlari poytaxtdan tashrif buyurgan mutaxassislar va mahalliy shifokorlar hamkorligida o‘tkazildi.
Shuningdek, murakkab klinik holatlar muhokama qilinib, bemorlarni davolash bo‘yicha tajriba almashildi. Bu jarayon mahalliy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va zamonaviy davolash usullarini amaliyotga joriy etishga xizmat qildi.
[gallery-31589]
«Ezgulik manzili» aksiyasi doirasida ko‘rsatilgan tibbiy yordam Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining xayriya mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Bunday xayriya tashabbuslari tibbiy yordamga ehtiyojmand bolalar salomatligini tiklash barobarida, hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA