Surxondaryo Termiz muloqoti qatnashchilarini kutib olishga tayyorlanmoqda
Joriy yilning 4-6-iyun kunlari Toshkent, Termiz va Samarqand shaharlarida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan yil 19-21-may kunlari Termiz shahridagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzuiga bag‘ishlangan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti birinchi yig‘ilishi yuqori saviyada o‘tkazilgan edi.
Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surishda ko‘p tomonlama munozara maydonini shakllantirishga xizmat qilgan tadbirda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash, hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliya tuzilmalarining rolini kengaytirish, ekspertlar muloqoti salohiyatini ishga solish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratilgani xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislari va ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘tmishdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston qadimgi dovrug‘ini qayta tiklab, Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtirishda muhim koridor vazifasini bajarish uchun ishonchli dadil qadam tashlayotgani o‘z ifodasini topdi. Davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlikka asoslangan va qarshi qo‘yishga olib keluvchi vaziyatlardan voz kechishga qaratilgan yangi munosabatlar modellarini va makroregionda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirib, xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlashda umumiy yondashuvlarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘tashga qulay muhit mavjudligini namoyon etdi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida Termiz muloqoti ikkinchi yig‘ilishi qatnashchilarini kutib olishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Zero, Termiz azaldan o‘zini madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot markazi sifatida namoyish etib kelgan shahar. Ikki yarim ming yildan ortiq tarixga ega kentda zardushtiyat, buddizm, nasroniylik va islom kabi dinlar an’analari shakllanib, rivojlangan. So‘nggi yillarda qadimiy Termiz Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim bo‘g‘in sifatidagi o‘rnini qayta tiklamoqda. Mintaqada hozircha yagona “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi, “Termiz Kargo Markaz” xalqaro ko‘p tarmoqli transport-logistika xabi, dunyoda muqobili yo‘q Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi kabi yirik inshootlar barpo etilgani, shahar savdo, investitsiya va ilm-fan markaziga aylanib borayotgani bunga yaqqol dalildir. Nufuzli tadbir doirasida Termiz muloqoti ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilarini katta imkoniyatlarga ega zamonaviy mazkur inshootlar bilan yaqindan tanishtirish ham mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri