Surxondaryo maktablarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari jarangladi
Surxondaryo viloyatidagi 975 ta maktabda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimlarda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlar, ota-onalar, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Termiz shahridagi 1-maktab jamoasi yangi o‘quv yilini qiyofasini tubdan o‘zgartirgan yangi o‘quv dargohida boshladi. Ta’lim muassasasining birinchi o‘quv binosi bundan 75 yil muqaddam, ikkinchi binosi 56 va uchinchi binosi 55 yil avval barpo etilgan. Joriy yil davlat dasturi doirasida 7 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga 650 o‘rinli to‘rt qavatli zamonaviy o‘quv binosi bunyod etildi. Shu paytgacha o‘quvchilar ta’lim olgan binolar to‘rt milliard so‘m mablag‘ hisobiga to‘liq qayta ta’mirlandi.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatgan maktabda darslar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. Yangi o‘quv yilida o‘zbek sinflarida 1 ming 300 dan ortiq, rus sinflarida 1 ming 170 dan ziyod o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Ularning 261 nafari birinchi sinf o‘quvchilaridir. Maktab ostonasiga yangi o‘quv yilining dastlabki kunida qadam tashlaganlarning 156 nafari o‘zbek va 105 nafari rus tili sinflarida o‘qiydi.
Tubdan yangilangan maktabning ochilish marosimi va yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, marosim ishtirokchilarini Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami, Bilimlar kuni va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi. U o‘quvchilarning a’lo baholarga o‘qib, kelajakda Yangi O‘zbekiston ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shadigan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga omad tiladi. Birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alarini topshirdi.
Yangi o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablariga 66 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz ilk bor qadam tashladi. Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning fan sirlarini chuqur o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, 135 maktabda 527 milliard 900 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 80 ta maktabga byudjet mablag‘lari hisobidan 12 milliard so‘mlik 1 ming 280 ta kompyuter jamlanmasi xarid qilindi. Maktablarga 150 ming dona badiiy adabiyot topshirildi. Bir milliard yuz million so‘m mablag‘ evaziga 63 ta maktabga 63 ta elektron doska yetkazib berildi. Ayni paytda maktablarning o‘quvchilari 21 ming 449 ta zamonaviy kompyuterdan foydalanmoqda. Yil yakunigacha ta’lim muassasalariga yana 1 ming 280 ta kompyuter texnikasi yetkazib beriladi.
Viloyatdagi barcha maktablarda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari tantanali topshirildi. Badiiy adabiyotlar tuhfa qilindi. 80 ta maktabga kompyuter, sovutgich va boshqa jihozlar ham berildi. Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari jaranglab, yangi o‘quv yili boshlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0