Suronli yillar xotiralari
Tarix – katta maktab. Undan xulosa chiqarish har kimning oʻziga havola.
Tarix – katta maktab. Undan xulosa chiqarish har kimning oʻziga havola. Tarix sahifalarida insoniyatni zor qaqshatib, millionlab kishilarning yostigʻini quritgan suronli davrlar borki, u yetkazgan jarohat hali-hamon qalblarni titratmoqda. Ikkinchi jahon urushi ana shunday talafotlardan edi.
Jang maydonidagi oʻqituvchi
1917-yil, kuz fasli. Daraxt barglari sargʻayib, yoʻllarga poyondoz boʻlgan. Davr ogʻir, ocharchilik yillari. Xudoyberdi ota koʻpni koʻrgan, el tanigan, savodli kishi boʻlgani uchun Haqiqat mahallasi uni rais qilib sayladi. Ayoli ham savodli edi. Hamro opa bir paytlar tillarga tushgan Barchinoydek qiz boʻlib, Xudoyberdi ota bu suluvni uyiga kelin qilib tushirguncha Alpomishdan kam olishmadi... Muhabbatning mevasi, kutilayotgan mehmonning kelishiga ham koʻp fursat qolmadi. Yosh kelinchakning toʻlgʻogʻi ogʻir kechdi. Quyosh ufqdan koʻtarilayotgan payt xonani bola yigʻisi tutdi. Farzandlariga Raim deb ism qoʻyishdi.
Raim yoshligidan oʻqituvchilik kasbiga mehr qoʻydi. 1931-yili Oktyabr (hozirgi Shayxontohur) tumanidagi oʻrta maktabning 7-sinfini bitirib, shu yili Toshkent shahridagi pedagogika texnikumiga oʻqishga kiradi. Undan soʻng oʻqishni Qarshi pedagogika texnikumida davom ettiradi. 1938-yil iyul oyida texnikumni tamomlagach, 1938-yil sentyabr oyidan 1939-yil oktyabr oyigacha Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi maktabda oʻqituvchi boʻlib ishladi. U taʼlim jamiyatni qoloqlikdan olib chiquvchi kuch, ilmsizlik barcha xunrezliklarga poydevor, deb bilardi. Shuning uchun bolalarga astoydil dars berdi.
1939-yil 15-oktyabr kuni armiya safiga harbiy xizmatga chaqirildi. Oʻshanda 22 yoshda edi. Belarusning alohida harbiy okrugida harbiy xizmatni boshladi. 1940-yil namunali xizmat qilgani uchun unga navbatdan tashqari taʼtil beriladi. Ammo taʼtilda yurganida urush xabarini eshitadi.
Raim Berdiyev Belarusning gʻarbiy qismida joylashgan 225-sonli harbiy aerodromning taʼminot batalyonida aloqachi edi. Urush boshlanishiga hech qancha vaqt oʻtmasdan u ilk bor uyiga xat yozdi...
“Assalomu alaykum, qadrli oilam. Koʻzingiz qorachigʻi boʻlgan farzandingizdan xavotirlanmang. Armiyamiz tez kunlarda gʻanimni yer tishlatadi. Komandirimiz oʻtgan kuni “ota-onangga rahmat, sen kabi mard jangchini voyaga yetkazgani uchun”, deb salomini yoʻlladi. Fashist qoʻshinlari biz yotgan okoplargacha yetib keldi, shiddatli jang boʻlishiga qaramasdan, ularni tor-mor qildik. Volidam koʻz yoshingizni arting, dovyurak kishilarning onalari ham dovyurak boʻlishadi. Diydorgacha sogʻ boʻlinglar...”
“Bryanskni ozod qildik...”
Raim safdoshlaridan koʻra ancha chapdast edi. Shuning uchun janglarda eng qaltis vaziyatlarda safdoshlari uning tajribasiga suyanardi.Zveno komandiri katta leytenant Dunayevskiy, oʻqchi-radist katta serjant Aleksandr Kononov, havo oʻqchisi, mohir mergan Ostapenko Ivanov va qahramonimiz tarkibidagi ushbu jamoa oʻta murakkab holatlarda ham muvaffaqiyatlarga erishardi. Ammo urushda omad har doim ham kelavermaydi. Oʻlim har soniyada taʼqib qiladi.
1943-yilning sentyabridan oktyabrigacha Bryanskni ozod qilishda ishtirok etdi.
1944-yilning oktyabr oyi. Urush shiddatli tus oldi. Bu vaqtda u Latviyaning Mitava tumanidagi Sokos qishlogʻida joylashgan ikkinchi Boltiq boʻyi fronti havo kuchlari armiyasi tarkibida xizmat qilardi. Uning jamoasi janglarda eng faollar safida boʻldi. U va uning safdoshlari qanchadan-qancha mardlik, jasorat namunalarini koʻrsatdi va komandirlari tiliga tushdi. Bu vaqtga kelib Raim Berdiyev bir qancha orden va medallar bilan taqdirlangandi.
1945-yil 28-apreldan 2-maygacha Belarus fronti tarkibida Reyxstagni (Germaniya parlamenti) ishgʻol qilish harbiy operatsiyasida ishtirok etdi. Oʻsha davrda Berlin 9 ta mudofaa sektoriga ajratilgan edi. Markaziy sektor tarkibiga Germaniyaning asosiy boshqaruv tizimi, hukumat binolari hatto reyxskanselyariya va gestapo binosi kirardi. Ushbu sektor harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻriqlanardi. Markaziy sektorni ishgʻol qilish juda mushkul vazifa. Biroq Belarus fronti Markaziy sektorni ishgʻol qilishga muvaffaq boʻldi. Bu jangda Raim Berdiyev eng masʼuliyatli vazifani bajardi. U oilasiga bergan vaʼdasini bajarib, gʻalabaga munosib hissa qoʻshdi.
Salom, Vatan!
1945-yilning oktyabr oyida Raim Berdiyev oʻz uyiga, Toshkentga qaytdi. U xizmati davrida 20 dan ortiq koʻkrak nishonlari va medallar bilan taqdirlangan edi. Urush tugagan boʻlsa-da, u yetkazgan talafotlar oʻrnini toʻldirish uchun ancha yillar ketdi. Qahramonimiz urushdan keyingi yillarda ham mehnat frontida xizmat qildi.
1946 – 1947-yillarda Toshkentdagi qishloq xoʻjaligida instruktor boʻlib ishladi, soʻng 1947-1949-yillarda SK KPSS qoshidagi Respublika oliy partiya maktabida tahsil oldi.
1950-yillarda Toshkent viloyati Bekobod raykomida targʻibot va tashviqot boʻlimi boshligʻi, 1954 – 1966-yillarda Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon raykom partiyasiga raislik qildi.
1966 – 1979-yillarda Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon sovxozi direktorining xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishladi.
1979-yil 62 yoshida nafaqaga chiqdi. Raim Berdiyev Oqqoʻrgʻon sovxozi ravnaqi uchun 25 yildan ortiq xizmat qildi. Ushbu mashaqqatli faoliyati davomida fidokorona xizmati uchun rahbariyat tomonidan koʻp marotaba ragʻbatlantirildi. “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Besh nafar farzandni voyaga yetkazib, elga qoʻshgan Raim ota 1990-yil 22-mart kuni 73 yoshida olamdan oʻtdi.
Bugungi kunda Raim Berdiyevning nevaralari ham osoyishta kunlarimiz soqchilari. Ha, mardlik, jasorat tuygʻulari shunday nasldan-naslga oʻtib kelaveradi.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Ayjamal Joldasbayeva
OʻzA uchun maxsus tayyorladi.