Suriyada yangi hukumat: Tashqi nazar
Suriya 2011 yildan boshlab fuqarolar urushi va siyosiy beqarorlik davrini boshdan kechirmoqda. Joriy yil 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishi va "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi yetakchiligida yangi muvaqqat hukumat tuzilishi bir tomondan xalqning olqishiga sabab bo‘ldi, ikkinchi tomondan mamlakatda ko‘p yil davomida shakllangan "yara"larni gazak oldirdi. Bu jarayon nafaqat mamlakat ichkarisi, balki xalqaro maydonda ham muhim o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Xalqaro munosabatlar
Suriya tashqi siyosati shu paytgacha asosan, Rossiya va Eron bilan yaqin munosabatga asoslangan edi. Agar o‘zaro aloqalar hozirgi boshqaruv tizimi bilan ham do‘stona ruhda davom etsa, ushbu davlatlar Suriyaning urushdan keyingi tiklanishida muhim rol o‘ynashi mumkin. Faqat hammasi yangi rahbarlarning siyosiy qarashi, ko‘zlagan maqsadiga chambarchas bog‘liq.
Hukumat bilan aloqani cheklab, Suriyaga nisbatan iqtisodiy sanksiya kiritganiga qaramay, G‘arb davlatlari hozirgi o‘zgarishlar tufayli qarorlarini o‘zgartirishi hech gap emas.
Mintaqaviy ta’sir
Turkiyaning Suriyada olib borayotgan siyosati ham juda muhim. Anqaraning kurdlarni bostirishga qaratilgan harakati mintaqaviy beqarorlikni kuchaytirishi mumkin.
Arab davlatlari bilan munosabat manzarasi ham yangilanmoqda: ba’zi mamlakatlar yangi Suriyani tan olishga tayyorlanmoqda.
Xalqaro tashkilotlarning o‘rni
BMT va boshqa ayrim xalqaro tashkilotlar Suriyaga faol gumanitar yordam ko‘rsatmoqda, biroq bunday ta’sir cheklangan.
Millatlararo idoralar faoliyati mintaqadagi murakkab vaziyat tufayli doimiy ravishda to‘siqqa duch kelmoqda.
Umuman, yangi hukumat shakllanishi bugungi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashi kutilyapti. Ayni jarayonda tashqi omillar ham muhim ahamiyat kasb etadi, albatta; Rossiya va Eronning ta’siri hamon ustuvor, G‘arb sanksiyasidan qochish uchun Suriya yangi ittifoqchilar izlamoqda.
Musulmon Ziyo,
O‘zA