Superligada chempionlik uchun kurash tobora qizg‘in tus olmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 22-tur uchrashuvlari yakunlandi. Turning so‘nggi bahsida «Xorazm» o‘z maydonida «Qizilqum»ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ushbu tur natijalaridan so‘ng, «Neftchi» 51 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Farg‘ona jamoasi 22 tur davomida 50 ta gol urdi va o‘z darvozasidan atigi 17 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Chempionlik uchun kurashda «Paxtakor» ham asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib, poytaxt jamoasi 49 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Navbahor» esa 44 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.
Superliga jadvalining keyingi o‘rinlarida «OKMK» va «Lokomotiv» 35, «Nasaf» hamda «Buxoro» 34, «Andijon» va «Dinamo» 30 ochkodan jamg‘argan holda qayd etilgan. «Qizilqum» 29, «So‘g‘diyona» 28, «Surxon» 26 ochko bilan 10–12-o‘rinlarni band etgan. Shuningdek, «Bunyodkor» 22 ochko bilan 13-o‘rinda, «Xorazm» 21, «Qo‘qon-1912» 20, «Mash’al» esa 4 ochko bilan quyi pog‘onada qolmoqda

Milliy chempionatimizning bu yilgi mavsumida to‘purarlar bahsi ham qizg‘in o‘tmoqda. Garcha «So‘g‘diyona» ligada o‘rtamiyona jamoaga aylanib qolgan bo‘lsa-da, klub hujumchisi Lyupcho Doriyev 14 ta gol bilan to‘purarlik poygasida peshqadamlik qilmoqda. «Neftchi» vakili Stipe Peritsa 12, «Lokomotiv» futbolchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov esa 11 ta gol bilan uni ta’kib etmoqda. Anvarjon Hojimirzayev («Dinamo»), Bobur Abduxoliqov («Nasaf») va Sherzod Esanov («Buxoro») 9 tadan gol urgan.
Superliganing 23-tur uchrashuvlari 7–11-oktabr kunlari o‘tkaziladi. Turning dastlabki bahsida «Neftchi» o‘z maydonida «Xorazm»ni qabul qiladi. 9-oktabr kuni «Paxtakor» — «Bunyodkor», «Qo‘qon-1912» — «Mash’al», «Buxoro» — «Andijon» va «Nasaf» — «Dinamo» uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

10-oktabr kuni «Qizilqum» — «Surxon» bahsi o‘tkazilsa, 11-oktabr kuni «OKMK» — «Navbahor» hamda «So‘g‘diyona» — «Lokomotiv» uchrashuvlari bilan 23-turga yakun yasaladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA