Superligada bugun 5-tur yakunlanadi
Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 5-tur uchrashuvlari yakunlanadi. Mazkur turning so‘nggi kungi bellashuvlarida “Paxtakor” — OKMK (17:00), “Neftchi” — “Qizilqum” (18:00) va “Surxon” — “Buxoro” (19:15) o‘rtasidagi o‘yinlarga guvoh bo‘lamiz.
"Paxtakor" va OKMK jamoalari o‘yini haqida ikki og‘iz. Hozirga qadar chempionatlar tarixida jamoalar 36-marta o‘zaro to‘qnash kelgan.

Uchrashuvlarning 23 tasida "Paxtakor" g‘alaba qozongan bo‘lsa, 5 ta bahsda durang qayd etilgan. OKMK esa 8-marta zafar quchgan. Poytaxt klubi o‘yinlar mobaynida raqib darvozasiga 61 ta to‘p kiritib, 29 gol o‘tkazib yuborgan. Ayni damda “Paxtakor” hisobida 9, OKMK klubida 4 ochko mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Superliganing kechagi bahslarida Vadim Abramov boshchiligidagi "Dinamo" safarda "Xorazm"ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, “Navbahor” — “Mash’al” uchrashuvi 2:1 hisobida o‘z nihoyasiga yetdi. "Nasaf" esa 1:0 hisobida "Andijon"ni taslim etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA