Superliga. "Navbahor" gollar shousida "Bunyodkor"ni yengdi, "Dinamo" "Xorazm" bilan bahsda g'alabani qo'ldan chiqardi, "Qizilqum" "Mash'al"ni ishonchli hisobda taslim qildi
Superliga 17-turi doirasida 14-avgust kuni yana uchta uchrashuv o‘tkazildi.
Superliga 17-turi doirasida 14-avgust kuni yana uchta uchrashuv o‘tkazildi. "Navbahor" o‘z maydonida "Bunyodkor"ni yetti gol urilgan bahsda mag‘lub etgan bo‘lsa, "Dinamo" va "Xorazm" o‘rtasidagi uchrashuvda g‘olib aniqlanmadi. "Qizilqum" esa "Mash’al" ustidan ishonchi hisobda g‘alaba qozondi.
"Navbahor" yetti golli o‘yinda g‘alaba qozondi
Namanganda "Navbahor" hamda "Bunyodkor" o‘rtasidagi uchrashuv turning eng sermahsul bahslaridan biriga aylandi. Tomonlar jami yettita gol urdi, yakunda mezbonlar 4:3 hisobida ustun keldi.
"Navbahor" uchrashuvni juda faol boshladi. 5-daqiqada Muhammadali G‘iyosov hisobni ochdi. Oradan 14 daqiqa o‘tib, Husayn Norchayev penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarning ustunligini ikki to‘pga yetkazdi.
"Bunyodkor" birinchi bo‘lim yakuniga qadar gollardan biriga javob qaytara oldi. 38-daqiqada Sardor Abdunabiyev hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘lim boshidayoq mehmonlar muvozanatni tikladi. 52-daqiqada Dmitriy Pletnyov gol urib, hisobni 2:2 qildi.
63-daqiqada Diyor Xolmatov "Navbahor"ni yana oldinga olib chiqdi. Ammo bu safar ham namanganliklarning ustunligi uzoqqa cho‘zilmadi — 70-daqiqada Faxriddin Muhammadov "Bunyodkor"ning uchinchi golini kiritdi.
Uchrashuv taqdiri asosiy vaqt yakunlanishiga bir daqiqa qolganida hal bo‘ldi. 89-daqiqada "Navbahor" foydasiga penalti belgilandi. Ruslanbek Jiyanov 11 metrlik nuqtadan unumli foydalanib, jamoasiga 4:3 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.
Ushbu natijadan so‘ng "Navbahor" ochkolari sonini 31 taga yetkazdi.
"Navbahor" — "Bunyodkor" — 4:3
Gollar: Muhammadali G‘iyosov, 5 (1:0), Husayn Norchayev, 19, penalti (2:0), Sardor Abdunabiyev, 38 (2:1), Dmitriy Pletnyov, 52 (2:2), Diyor Xolmatov, 63 (3:2), Faxriddin Muhammadov, 70 (3:3), Ruslanbek Jiyanov, 89, penalti (4:3).
"Dinamo" g‘alabani qo‘ldan chiqardi
Samarqandda o‘tgan "Dinamo" — "Xorazm" uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Bahsda hisobni mehmonlar ochdi. 41-daqiqada "Xorazm" yarim himoyachisi Rustamjon Abduhamidov samarqandliklar darvozasini ishg‘ol qildi. Shu tariqa, urganchliklar tanaffusga minimal ustunlik bilan chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda "Dinamo" faollikni oshirdi va 63-daqiqada Behruzbek Oblaqulov hisobni tenglashtirdi.
75-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Jahongirbek Abdusalomov mezbonlarning ikkinchi goliga mualliflik qilib, "Dinamo"ni 2:1 hisobida oldinga olib chiqdi.
Biroq mezbonlar g‘alabali hisobni saqlab qola olmadi. 80-daqiqada Diyorbek Ortiqboyev "Xorazm"ning javob golini urib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi.
Qolgan vaqt davomida tomonlarning urinishlari natija bermadi va jamoalar bir ochkodan bo‘lishib oldi.
"Dinamo" — "Xorazm" — 2:2
Gollar: Rustamjon Abduhamidov, 41 (0:1), Behruzbek Oblaqulov, 63 (1:1), Jahongirbek Abdusalomov, 75 (2:1), Diyorbek Ortiqboyev, 80 (2:2).
"Qizilqum" barcha masalani birinchi bo‘limdayoq hal qildi
Navoiyda "Qizilqum" "Mash’al"ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Jamshid Saidov boshqaruvidagi mezbonlar har ikki golni birinchi bo‘limda urdi. 10-daqiqada Otabek Jo‘raqo‘ziyev hisobni ochgan bo‘lsa, 34-daqiqada Shahzod Rahmatullayev "Qizilqum"ning ikkinchi golini kiritdi.
Tanaffusdan keyin Sergey Lushchan shogirdlari vaziyatni o‘zgartirish va hisobni qisqartirishga urindi. Biroq "Mash’al" futbolchilari mezbonlar darvozasiga yo‘l topa olmadi.
Natijada "Qizilqum" muhim uch ochkoni qo‘lga kiritib, ochkolari sonini 20 taga yetkazdi. "Mash’al" esa 4 ochko bilan turnir jadvalining quyi qismida qolmoqda.
"Qizilqum" — "Mash’al" — 2:0
Gollar: Otabek Jo‘raqo‘ziyev, 10 (1:0), Shahzod Rahmatullayev, 34 (2:0).