Superliga: Bugun “vodiy derbisi” bo‘lib o‘tadi
Bugun O‘zbekiston Superligasining 6-tur o‘yinlariga start beriladi. 7-aprel sanasida uchta bellashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mazkur turni "Lokomotiv" va "Xorazm" klublari o‘rtasidagi o‘yin boshlab beradi. Uchrashuv soat 17:00 da "Do‘stlik" stadionida start oladi. Soat 18:00 da esa G‘uzorda "Mash’al" va "Bunyodkor" klublari o‘rtasidagi bellashuv boshlansa, "Bobur Arena" stadionida "Andijon" va "Navbahor" o‘zaro raqobatlashadi. "Vodiy derbisi" soat 19:15 ga belgilangan.
Shu o‘rinda, "Mash’al" va "Bunyodkor" hamda "Andijon" va "Navbahor" klublari o‘rtasidagi uchrashuvlar statistikasiga nazar tashlasak.

Avvalo, "Mash’al" va "Bunyodkor" bahsi haqida. Jamoalar shu kungacha milliy chempionat doirasida 26-marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu uchrashuvlarning 2 tasida “Mash’al” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 20 bahsda “Bunyodkor” ustun kelgan. Yana 4 ta o‘yin durang natija bilan yakunlangan. Muborakliklar raqib darvozasini 10 bor ishg‘ol etgan bo‘lsa, “qaldirg‘ochlar” 49 ta gol urgan. Ayni damda poytaxt klubi Superliga jadvalida 10 ochko bilan beshinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, "Mash’al" ochkosiz so‘nggi o‘rinda qolmoqda.
Andijonda o‘tadigan bu galgi "vodiy derbisi" haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, klublar milliy chempionat doirasida shu kunga qadar 58-marta o‘zaro kuch sinashgan. Ularda “Andijon” 13, “Navbahor” 28 bor g‘alaba qozongan. Qolgan 17 o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati esa 59:83 ko‘rinishida bo‘lib, ustunlik namanganliklar tomonida.
O‘tgan mavsum natijalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, birinchi davrada Namanganda o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobida yakunlangan. Ikkinchi davrada esa “Navbahor” mehmonda 0:1 hisobida g‘alaba qozongan.
Hozirda "Navbahor" hisobida 9, "Andijon"da esa 6 ochko bor.
Ma’lumot uchun, Superliganing 6-turida 8-aprel kuni “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Nasaf”ni sinovdan o‘tkazsa, OKMK — “Surxon” hamda “Dinamo” — “So‘g‘diyona” jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.
Turning so‘nggi uchrashuvlari 9-aprel kuniga belgilangan. Jumladan, markaziy bellashuvlardan biri sifatida “Neftchi” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi bahs e’tirof etilmoqda. Shuningdek, “Buxoro” — “Qizilqum” uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA