Superliga: Bugun “o‘zbek klassikosi” bo‘ladi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 6-tur uchrashuvlari bugun yakunlanadi. Chempionatning so‘nggi kunida ikki o‘yin bo‘lib o‘tadi. "Neftchi" - "Paxtakor", "Buxoro" - "Qizilqum" klublari o‘rtasidagi bahslar soat 19:00 da boshlanadi.
Shu o‘rinda nafaqat turning, balki Superliga birinchi davrasining markaziy o‘yini deya baholanayotgan "Neftchi" va "Paxtakor" jamoalari to‘qnashuvi oldidan klublarning o‘zaro o‘yinlar statistikasini e’tiboringizga havol qilamiz.

Jamoalar chempionatlar tarixida bugunga qadar 62 ta o‘yin o‘tkazgan. Ularning 30 tasida "Paxtakor", 22 tasida “Neftchi” g‘alaba qozongan. Qolgan 10 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 103/71 - poytaxt klubi foydasiga. O‘yinlarda "Paxtakor" 11 bor raqibni yirik hisobda dog‘da qoldirgan bo‘lsa, "Neftchi"da bunday g‘alabalar soni uchtani tashkil qiladi. "Sherlar"ning eng yirik g‘alabasi 6:0, farg‘onaliklarniki esa 4:0 hisoblanadi. Superliganing o‘tgan mavsumida “Paxtakor” ikki uchrashuvda safarda 4:0, o‘z maydonida 2:1 hisobida zafar quchgan.

Ayni damda “Neftchi” 15 ochko bilan liga jadvalida karvonboshi bo‘lib turgan bo‘lsa, “Paxtakor” hisobida 12 ochko mavjud.
Darvoqe, kuni kecha Superliganing 6-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Dastlab uchrashuvning 55-daqiqasida “Nasaf” futbolchisi Bobur Abduxoliqov hisobni ochgan bo‘lsa, 88-daqiqada esa mezbonlar futbolchisi Toma Tabatadze penaltidan gol kiritib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Aynan ushbu penalti sabab uchrashuvda biroz tartibsizlik bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 78-daqiqasida bosh hakam Rustam Lutfullin tomonidan “Nasaf” jamoasi darvozasi tomon penalti belgilangan edi. Bu mehmon jamoa o‘yinchilari hamda bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev tomonidan e’tirozga sabab bo‘ldi.
O‘yin yakunidan so‘ng, bu epizod Ekspert hakamlar guruhi tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi. Unga ko‘ra, bosh hakam tomonidan penalti belgilash qarori xato deb topildi. Shuningdek, VAR hakami tomonidan ushbu vaziyatda to‘g‘ri aralashuv amalga oshirilmagani, ya’ni hakamni monitorga chaqirishda xatoga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.
Shuningdek, kuni kecha OKMK — “Surxon” uchrashuvi 1:1, “Dinamo” — “So‘g‘diyona” bellashuvi 2:1 hisobida yakunlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA