Superliga: Bugun 18-tur yakunlanadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 18-turida “Andijon” klubi “Bobur arena” stadionida “Lokomotiv” jamoasi bilan raqobatlashdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi golsiz yakunlangan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limning 46-daqiqasida Rustam Xolnazarov hisobni ochdi. 70-daqiqada "Andijon" vakili Farhod Sohibjonov hisobni tenglashtirdi. Keskin va murosasiz o‘tgan o‘yinning 90+5-daqiqasida Ivan Rogach mezbonlar darvozasini ishg‘ol qilib, “Lokomotiv”ning g‘alabasini ta’minladi.

Shu tariqa, ushbu natijadan so‘ng “Lokomotiv” hisobidagi ochkolar soni 18 taga yetdi. “Andijon” 19 ochko bilan qoldi. Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, uchrashuvni kuzatish uchun “Bobur arena” stadioniga 9762 tomoshabin tashrif buyurdi.
Bugun, 16 sentyabr kuni, Superliganing 18-turida "Olimpik" - "Metallurg", “OKMK” - "Surxon" jamoalari o‘rtasidagi bahslar bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yinlardan so‘ng ushbu turga yakun yasaladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA