Superliga 18-turiga 41 mingdan ortiq muxlis keldi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 18-turdagi sakkiz uchrashuvni stadionlardan jami 41 607 nafar muxlis kuzatgan.
Superliganing 18-turida stadionlarga tashrif buyurgan muxlislar soni bo‘yicha “Navbahor” — “Nasaf” uchrashuvi yaqqol yetakchi bo‘ldi. Namanganda kechgan bahsni 19 540 nafar tomoshabin bevosita tribunadan kuzatdi.
Tur doirasida jami sakkizta uchrashuv o‘tkazildi. Tashrif bo‘yicha ikkinchi natija Buxoroda qayd etildi. “Buxoro” va “Neftchi” o‘rtasidagi bellashuvga 9 121 nafar muxlis keldi.
“Xorazm” — “Lokomotiv” uchrashuvi ham tribunaga nisbatan ko‘p tomoshabin jalb qildi — 6 245 nafar.
Qolgan beshta bahsda esa tashrif 2,5 mingga ham yetmadi. “OKMK” — “Dinamo” o‘yinini 2 416, “Paxtakor” — “Surxon” uchrashuvini 1 835, “So‘g‘diyona” — “Qizilqum” bahsini 1 480 nafar muxlis stadiondan kuzatdi.
Turning eng past ko‘rsatkichlari “Bunyodkor” — “Qo‘qon-1912” hamda “Mash’al” — “Andijon” uchrashuvlarida qayd etildi. Mazkur bahslarga mos ravishda 538 va 432 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 18-turdagi sakkiz uchrashuvni stadionlardan jami 41 607 nafar muxlis kuzatgan. Shundan qariyb yarmi — 19 540 nafari “Navbahor” — “Nasaf” uchrashuviga to‘g‘ri keladi.