Sun’iy intellektdan samarali foydalanish – shu kunning muhim talabi
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda sun’iy intellekt nafaqat ishlab chiqarish yoki axborot texnologiyalari sohasining, balki zamonaviy boshqaruv tizimining ham muhim vositasiga aylanmoqda. Bugun raqobat ustunligiga erishish rahbarning qanchalik tez qaror qabul qilishi bilan emas, balki ma’lumotlarni tahlil qilish, innovatsion yondashuvlarni qo‘llash va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan qay darajada samarali foydalana olishi bilan belgilanmoqda.
Yurtimizda ham davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, rahbar kadrlarning raqamli kompetensiyalarini oshirish bu jarayonning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ana shu maqsadlardan kelib chiqib, BMB Holding hamda uning tizimidagi Toshkent va Jizzax shaharlarida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning 100 nafardan ortiq rahbar xodimi uchun “Rahbarlik va boshqaruv faoliyatida sun’iy intellektdan samarali foydalanish” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotini BMB Holding Ta’sischilar kengashi raisi maslahatchisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Adham Bekmurodov olib bordi.
Seminarda rahbarlik faoliyatida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, strategik rejalashtirish, marketing tahlillari, biznes jarayonlarini optimallashtirish, hujjatlar aylanmasi, korporativ kommunikatsiyalar hamda mehnat unumdorligini oshirishda AI yechimlarini qo‘llash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar atroflicha muhokama qilindi.

Ishtirokchilarga turli sun’iy intellekt platformalarining imkoniyatlari amaliy misollar orqali namoyish etilib, ulardan kundalik boshqaruv faoliyatida samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar berildi. Bu esa rahbarlarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratdi.
Tadbir interaktiv muloqot ruhida o‘tdi. Rahbarlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan atroflicha javob oldi, boshqaruv jarayonlarida sun’iy intellekt vositalarini joriy etish bo‘yicha o‘zaro fikr va amaliy tajriba almashdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda sun’iy intellektni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani ham bejiz emas. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan sohani tizimli rivojlantirishning yangi bosqichi boshlandi. Hujjatda davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellektni keng joriy etish, raqamli infratuzilmani takomillashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda aholining mazkur sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish ustuvor vazifalar etib belgilangan.
Mazkur strategiya doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yangi dasturiy mahsulotlar yaratish, davlat xizmatlarida intellektual yechimlar ulushini kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, “katta ma’lumotlar” infratuzilmasini shakllantirish hamda kadrlar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
BMB Holdingda tashkil etilgan mazkur o‘quv seminari ham ana shu davlat siyosatining amaliy ifodasi sifatida e’tiborga loyiq. Zero, raqamli transformatsiya avvalo inson kapitali, zamonaviy bilim va innovatsion fikrlashga tayanadi. Sun’iy intellekt imkoniyatlarini chuqur o‘zlashtirgan rahbar esa korxona faoliyati samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va raqobatbardosh boshqaruv tizimini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu ma’noda, BMB Holdingda yo‘lga qo‘yilgan bunday amaliy o‘quvlar rahbar kadrlarning raqamli kompetensiyalarini mustahkamlash, korporativ boshqaruvga innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etish hamda zamon talablariga javob beradigan boshqaruv madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri