Sun’iy intellekt va zamonaviy pedagogika: O‘zbekiston – Koreya hamkorligi yangi bosqichda
Toshkentda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuv imzolandi. 11-iyun kuni Koreyaning pedagoglar malakasini oshirish tizimi rahbarlaridan iborat 23 kishilik delegatsiya A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutiga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlik istiqbolini muhokama qildi.
Koreyaning tegishli markaziy va hududiy yondosh muassasalari mas’ullari bilan muloqot davomida zamonaviy ta’lim, raqamli texnologiya va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari diqqat markaziga chiqdi.
Mehmonlar ushbu ta’lim dargohida yo‘lga qo‘yilgan uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash mexanizmi hamda ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, institut muzeyi, Axborot-resurs markazi, STEAM laboratoriyalari va raqamli kontent ishlab chiqishga ixtisoslashgan “Jalinga Studio” faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Ayniqsa, robototexnika, virtual laboratoriya, inter faol ta’lim platformalari va SI asosidagi ta’lim vositalari koreyaliklarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Muzokara davomida raqamli pedagogika, XXI asr ko‘nikmasini shakllantirish, ta’lim sifati monitoringi va o‘qituvchilarning xalqaro kompetensiyasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha tajriba almashildi.
Tashrifning asosiy natijasi sifatida A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti hamda Koreya Respublikasining pedagoglar malakasini oshirish muassasalari o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari, o‘qituvchilar stajirovkasi, akademik almashinuv, SI va raqamli pedagogika yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish, ta’lim sifatini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda birgalikda ilmiy tadqiqot olib borish rejalashtirilgan.
[gallery-29906]
Mutaxassislar fikricha, mazkur kelishuv nafaqat ikki davlat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, zamonaviy pedagoglar tayyorlash va xalqaro ta’lim standartini joriy etish jarayoniga ham yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Koreya bilan yo‘lga qo‘yilayotgan sheriklik mamlakatimiz ta’lim tizimining global makonga integratsiyalashuvi, raqamli transformatsiya jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir.
Musulmon Ziyo,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA