Sun’iy intellekt va amaliy fanlar: xalqaro anjuman
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ilm-fan, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali iqtisodiy o‘sishga erishish ustuvor vazifa etib belgilangan. Xususan, sun’iy intellekt texnologiyalarini hayotimizning barcha jabhalariga keng joriy etish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas zaruratidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: "Biz yangi O‘zbekistonni ilm-fan va innovatsiyalar asosida barpo etamiz. Bugungi kunda dunyoda kim ilmga intilsa, kim yangi texnologiyalarni egallasa, o‘sha davlat albatta g‘alaba qozonadi".

Aynan shu maqsad yo‘lida Toshkent amaliy fanlar universitetida "Amaliy fanlar sohasida sun’iy intellektni qo‘llashning zamonaviy tendensiyalari, muammolari va istiqbollari" mavzusidagi nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi, ularning ta’lim, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning ajralmas qismiga aylanib borayotganini chuqur tahlil qilish uchun muhim xalqaro maydon vazifasini o‘tadi.
Tadbirning ochilish marosimida soha mutaxassislari bugungi jarayonlar bizdan nafaqat zamonaviy yondashuvlarni, balki tizimli ilmiy tahlil va innovatsion fikrlashni talab etayotganini alohida e’tirof etdilar. Konferensiya ishida Qarshi davlat texnika universiteti rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Sherzod Nematov, Ijtimoiy siyosiy fanlar universiteti rektori, professor Qudrat Boboxo‘jayev hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Xalqaro akkreditatsiya va reyting agentligi vakili, professor G‘anisher Raximov kabi yetakchi olimlar ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan mavzuning dolzarbligini ochib berdi.

Anjumanning xalqaro maqomi xorijlik olimlarning ishtirokida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, Hindistonning nufuzli Alliance universiteti tadqiqotchisi, doktor Muhammad Farhanning SI texnologiyalarining global miqyosdagi qo‘llanilishi borasidagi chiqishi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu kabi muloqotlar ilmiy g‘oyalar integratsiyasi va yangi istiqbolli yo‘nalishlarning shakllanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Konferensiya ishi to‘rtta asosiy sho‘’baga bo‘lingan holda davom etdi. Unda sun’iy intellektning fundamental fanlardagi nazariy asoslaridan tortib, texnik-amaliy innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, gumanitar sohalarda ta’lim va til o‘rganishdagi ahamiyati, shuningdek, iqtisodiy boshqaruvdagi o‘rni atroflicha ko‘rib chiqildi. Sho‘’ba yig‘ilishlarida ishtirokchilar SIni amaliy fanlarga tatbiq etishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdi.

Mazkur anjumanda ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar va amaliy takliflar yurtimizda sun’iy intellekt ekotizimini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt — bu shunchaki zamonaviy atamalar emas, balki kelajakdagi taraqqiyotimizning asosiy bo‘g‘inidir. Toshkent amaliy fanlar universitetida o‘tkazilgan ushbu konferensiya nafaqat xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga, balki milliy ilm-fanimizning jahon andozalari darajasida rivojlanishiga va yurtimizning intellektual salohiyatini oshirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Anjuman yakunida qabul qilingan tavsiyalar kelgusida davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda raqamli transformatsiya jarayonlarini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Bahodir To‘rayev,
Toshkent amaliy fanlar universiteti Axborot texnologiyalari
fakulteti dekani, texnika fanlari doktori