Sun’iy intellekt hokimiyat o‘rnini bosa oladimi?
O‘zbekiston Prezidentining "Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida O‘zbekiston sanoat qurilish banki tomonidan Qo‘qon shahri uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqildi va shahar hokimligida taqdimoti o‘tkazildi.
Mutasaddilar bilan muloqot chog‘ida Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov davlat organlarida mavjud muammolarni sun’iy intellektga asoslangan yechimlar orqali hal etish, mahalliy hokimiyat va mahallalar faoliyati samaradorligini oshirish, faoliyatida vaqt va inson resurslarini tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.

Ayni paytda dasturiy ta’minot serverlari to‘laqonli faoliyat uchun shay holatga keltirilgan. Dasturga Qo‘qon shahri haqidagi ma’lumotlarni yanada ko‘proq kiritish, boshqaruvning o‘ziga xosligini nazarda tutib moslashtirish, zarur tahliliy ma’lumotlar bilan to‘ldirish yuzasidan fikr almashildi.


Loyiha shahardagi barcha idora, tashkilot, o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishga tushirilishi belgilandi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA