Sultonov Avstriya turnirining ilk bosqichida g‘alabaga erishdi
Sport xabarlari
Avstriyaning Klagenfurt shahrida tennis bo‘yicha M15 toifasidagi xalqaro turnirda qatnashayotgan Humoyun Sultonov dastlabki bosqichda g‘alabaga erishdi.
Jarohatlar sabab musobaqalarda ishtirok eta olmagan Humoyun Klagenfurt turnirining 1/16 finalida avstraliyalik Mattias Uyvarini 6/1, 6/3 hisobida mag‘lub etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Rossiya chempionatida sovrindor bo‘ldi
Qozon shahrida suvga sakrash bo‘yicha o‘tkazilgan Rossiya chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Vyacheslav Kachanov 3 metr tramplindandan sakrash dasturida 441,55 ball jamg‘arib, kumush medalga ega chiqdi.
Kachanov oltin medal uchun bahsda dunyoning eng yaxshi suvga shung‘uvchilaridan biri Nikita Shleyxerga imkoniyatni boy berdi.
Timur Abduvaliyev World Gymnastics kengashida qatnashdi
Misrda Fédération Internationale de Gymnastique (World Gymnastics) Kengashining 26-yig‘ilishida ishtirok etgan O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bosh kotibi, Osiyo gimnastika ittifoqi vitse-prezidenti Timur Abduvaliyev xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jahon gimnastikasini rivojlantirishga oid muhim masalalar muhokama qilingan yig‘ilish davomidagi muloqotlar jarayonida keyingi yillarda O‘zbekistonda sport infratuzilmasi mutlaqo yangicha ko‘rinish olgani, Toshkentda bunyod etilgan “Olimpiya shaharchasi” gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani e’tirof etildi.
Yig‘ilishda shuningdek, gimnastikaning texnik reglamentlariga kiritiladigan o‘zgarishlar, bo‘lajak xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik hamda jahon chempionatlarini taqsimlash masalalari ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA