Sudyalar korpusi shaffoflik asosida shakllanadi va faoliyatida ochiqlikka rioya qiladi
Aholining sud himoyasida bo‘lish huquqini samarali ta’minlash, sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini tubdan oshirish, ochiq va shaffof tartib-taomillar asosida sud organlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirishga e’tibor qaratilmoqda. Zero, sohaning qanday faoliyat yuritishi kadrlarga bevosita bog‘liq.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 11-noyabrdagi “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyili va sud mustaqilligiga oid ilg‘or xalqaro standartlar keng joriy etilishi ta’minlanmoqda.
Bu fikrlar Sudyalar oliy kengashi hamda Odil sudlov akademiyasida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan press-tur davomida bildirildi.
Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov Prezident farmoni asosida sudyalar korpusini shakllantirish tartibi takomillashtirilib, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari roli va mas’uliyati oshirilganini qayd etdi. Eng muhimi, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibi joriy etildi.

Tadbirda jurnalistlarga Sudyalar oliy kengashi hamda u yerda yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, sudyalik lavozimlariga eng munosib nomzodlarni tanlash jarayoniga axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sudyalarning faoliyatini reyting asosida baholab borish borasidagi raqamlashtirish jarayonlari ko‘rsatib berildi.
Odil sudlov akademiyasi faoliyati bilan tanishuv doirasida jurnalistlarga sud imitatsiyasi xonasi, sudyalikka nomzodlarni psixologik tayyorlash jarayonlari, Axborot resurs markazi xonasi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida OAV bilan hamkorlik va sud-huquq sohasidagi islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini izchil davom ettirish va hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan tegishli taklif-mulohazalar bildirildi. Ijodiy tanlov g‘oliblari hamda faol jurnalistlar kasb bayrami munosabati bilan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Norgul Abduraimova,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA