Sudyalar klubi: ehtiyoj, tajriba va natijalar
Qonunlarni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash orqali ijtimoiy adolatni ta’minlash sudlar gardanidagi vazifa. Moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash xamirdan qil sug‘urishdek oson ish emasligini birov bilar, birov yo‘q...
Qonunlarga muttasil sharhlar bitilishi, shu mavzuda turli seminarlar o‘tkazilib, huquqiy qo‘llanmalar nashr etilishi yoinki vaqti-vaqti bilan Oliy sud plenumi qarori shaklida rahbariy tushuntirishlar berilib borilishi qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash masalasi qanchalar nozik va murakkab ekanini ko‘rsatib turibdi.
Bundan xulosaki, aynan moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish berish vakolatiga ega tuzilmaga ehtiyoj bor edi.
Ayni shu ehtiyoj davlat rahbarining “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni (07.12. 2020 y.) ijrosi doirasida O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilishi bilan qondirildi.
Yanada soddaroq aytilsa, klub yagona sud amaliyotini shakllantirish, sud qarorlari sifati va sudyalar mas’uliyatini yanada oshirish orqali ijtimoiy adolatni ta’minlashga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan hamda jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi tuzilma hisoblanadi.
Biroq, bundan Sudyalar klubi sud ishlariga aralashar ekan-da, degan xulosaga kelmaslik kerak. Sudyalar klubining maslahat va tushuntirishlari “tavsiyaviy xarakterga ega”ligi qayd etilgan farmonda alohida ta’kid etildi. Ya’ni, majburiy emas - oxirgi xulosa baribir sudyaning o‘ziga tan.
O‘zbekiston Sudyalar klubiga barcha sudyalar a’zo ekani o‘z-o‘zidan ayon. Ammo a’zolik badali degan narsa yo‘q. Klubning ishlash tartibi ham o‘zgacha. Ya’nikim, huda-behuda majlis qilinavermaydi. Shunga qaramay klub faoliyati vaqt o‘lchovi bilan chegaralanmagan. Sudya kunning istalgan vaqtida klub eshigini qoqishi mumkin.
Qanday? Oddiy: zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanish qanday samara berishini Sudyalar klub faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
Ya’ni, Sudyalar klubining asosiy ish faoliyati uning elektron platformasi hisoblanib, qaysi sudyada ish yuzasidan qanday savol tug‘ilsa, o‘sha zahoti (elektron platformaga) yozishi mumkin. Masala onlayn muhokama etiladi. Ayni jarayonda masalaga oydinlik kiritilishi bir foyda bo‘lsa, muhokamada ishtirok etgan (yoki kuzatayotgan) boshqa sudyalar uchun tajriba maktabini o‘tashi - ikkinchi foydadir.
Bunda klub mas’ul a’zolarining beminnat tavsiyalarini alohida qayd etib o‘tish lozim. Chunki, Sudyalar klubining har bir yo‘nalish (fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sudlar) bo‘yicha jamoatchilik asosida doimiy mas’ul a’zolari bo‘lib, ular ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan amaldagi va faxriy sudyalar hamda nazariyotchi olimlardan tarkib topgan.
2022 yil davomida Sudyalar klubining elektron platformasida iqtisodiy sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 1350 ta masala muhokama qilingan bo‘lsa, ma’muriy sudlar sudyalari 850 ta masala bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga masalaga ehtiyoj sezishganini ko‘rish mumkin. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar yo‘nalishida bu miqdor 904 tani, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyati bo‘yicha muhokama etilgan mavzular soni 2308 tani tashkil qiladi.
Ayni raqamlar hisobot yoki ma’lumot uchungina yozilayotgani yo‘q. Aksincha, ular muhokama etiladigan mavzular yetarli ekanini ko‘rsatishi barobarida shunday klubga zaruriyat nechog‘li ekanini namoyon etayotgani uchun ham keltirilmoqda.
Shu o‘rinda yana bir gap: Sudyalar klubining elektron platformasida muhokamalar qizg‘in kechishi aniq. Muhokamalarda hissiyotlar junbushga kelishi ehtimoli ham katta (Abdulla Qahhor bejizga aytmagan: mushtlashishdan bahslashish yomon, deb). Yoki, aksincha: ayrim sudyalar hamkasbi yoki sud raisidan istihola qilib, fikr bildirishdan tiyilishi mumkin.
Klubning elektron platformasini yaratishda shu va shu kabi omillar e’tiborga olingan: har bir sudyaga login-parol berilib, ular shaxssizlantirildi. Ya’ni, onlayn muhokamalarda hech kim bir-birini tanimaydi. Bu hol sudyalar o‘z fikr-mulohazalarini bemalol ifoda etishga kengroq imkoniyat beradi. Rost-da, muhokamalarda kimlar fikr bildirgani emas, balki qanday fikrlar bildirgani muhim.
Muhokamalarda nima gaplar? Qayd etilgan raqamlar ham aytib turibdiki, fikr ko‘p, takliflar yetarli... Ularni muxtasar ifoda etsak, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar sudyalariga ko‘ra, banklar faoliyatiga bog‘liq shartnomaviy munosabatlar, kompensatsiya undirish, yerga oid nizolarni bilan oid ishlar yuzasidan sud qarorlari qabul qilishda muayyan murakkabliklar bor. Ular bo‘yicha aniq huquqiy tushuntirishlarga ehtiyoj katta. Ma’muriy sudlar sudyalari yer bilan bog‘liq nizolar, sud hujjatlari ijrosi bo‘yicha davlat ijrochilarining qarorlari yoki ularning xatti-harakatiga oid (harakatsizligi) arizalarni ko‘rib chiqishda ayrim jumboq, huquqiy bo‘shliqlarga duch kelinayotgani bildirishmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari o‘rtasida jazo tayinlashda koloniya turini belgilash, Jinoyat kodeksining 59-modasi (bir nechta jinoyatlar uchun jazo tayinlash) va 60-moddasini (bir nechta hukm yuzasidan jazo tayinlash) qo‘llash, ma’muriy nazorat masalalarida huquqiy hujjatlardagi ayrim nomuvofiqliklar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari esa ko‘proq mehnat, oila, mulk va uy-joy, shuningdek, aliment, moddiy va ma’naviy zararlarni undirishga oid nizolarni ko‘rib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar ko‘proq muhokama qilganini ko‘rish mumkin.
Sudyalar klubining elektron platformasida ko‘tarilgan masalalar har olti oy va yil yakunida keng doirada muhokama etilib, umumlashma tahlil qilinmoqda. Qaysiki masalada qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki Oliy sud plenumi qarori shaklida tushuntirish berish talab qilsa, Sudyalar oliy kengashi tomonidan tegishli taqdimnoma kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Natijalar yo‘q emas, aynan klubdagi muhokamalar natijasida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilgan bunga misol.
Shuning uchun ham klub faoliyati, ishlash shakli xorijlik hamkor ekspertlarning ham haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Chunki, elektron platformada muhokama etilayotgan har bir masala zamirida qonun ustuvorligi ta’minlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari himoyasi yotadi.
O‘zbekiston Sudyalar klubi tarkibida alohida “Ayol sudyalar jamoasi” mavjud. Ayol sudyalarning “alohida”ligi ular klubning umumiy faoliyatidan ajratib qo‘yilganini anglatmaydi. Ular uchun alohida elektron platforma qilinganing sababi boshqa. Tizimdagi xotin-qizlarning xizmat yuzasidan yoki xizmatdan tashqari holatlar bilan bog‘liq xos masalalar, xos muammolari bo‘lishi mumkin, ular “dasturxon qilinmay” tor doirada muhokama etish talab qilinadi.
Shu sabab ham “Ayol sudyalar jamoasi” elektron platformasiga ularning o‘zlaridan boshqa hech kim kirolmaydi – cheklov bor. Zero, O‘zbekiston Sudyalar klubi nafaqat “moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha maslahatlar, balki “sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish”lar berish vakolatiga ham egaligi yuqorida aytildi.
Tursunali Akbarov,
Sudyalar oliy kengashi raisining
matbuot kotibi – axborot siyosati
masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
O‘zA