Sudya yordamchisi 2500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudining sudya yordamchisi xizmat mavqeidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanmoqchi bo‘ldi.
Xususan, u Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limda joriy yilning may oyidan faoliyat yurita boshlagan fuqaroni go‘yoki o‘zining mansabdor tanishlari orqali ishga kiritib qo‘yganini ro‘kach qilib hamda kelgusida uni o‘ziga maqbul bo‘lgan tumandagi MIBga o‘tkazib qo‘yishini aytib, evaziga 2500 AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi so‘ralgan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.
O‘zA