Sudya sud ishlarini OAVda professional darajada yoritilishiga ko‘mak berishi zarur
Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, yosh sudyalarni jamoatchilik bilan ishlash ko‘rnikmalarini shakllantirish orqali huquqiy targ‘ibot samaradorligini oshirish maqsadida Toshkentda sudyalar uchun seminar tashkil etildi.
Ma’lumki, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu jarayonda sud tizimi vakillari ham munosib hissa qo‘shishi lozimligi o‘z-o‘zidan ma’lum. Huquqiy targ‘ibotni samarali amalga oshirishda esa OAV va ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni beqiyosdir.
“Sudyalar odobi kodeksi”da sudyalarning ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi va buning zaruriyati alohida modda bilan tartibga solingan. Chunki sudlar faoliyatining samaradorligi jamiyatning unga bo‘lgan ishonchiga va sud tomonidan qabul qilingan qarorlarning huquqiy asoslarini to‘g‘ri tushunishiga bog‘liq.
Shuning uchun ham sudya ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlik qilishi hamda sud ishlarini ommaviy axborot vositalarida professional darajada yoritishga ko‘mak berishi zarur.
Seminarda sudyalarning jamoatchilik bilan aloqalari, bu jarayonda joriy etilgan tartiblar, sud organlarining ijobiy media qiyofasini shakllantirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudyalar faoliyati bo‘yicha qonunga xilof va asossiz e’lon qilingan har bir holatga ob’ektiv va tezkorlik bilan munosabat bildirib borishning tartiblari haqida keng tushuncha berildi.
Sudyalar oliy kengashi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-west management institute” NTT O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” qo‘shma loyihasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman taniqli mediaekspertlar, Sudyalar oliy kengashi vakillari va ishtirokchilar o‘rtasida intensiv muloqot shaklida o‘tkazildi.
O‘zA