Sudanda portlash. 34 kishi nobud bo‘ldi
Sudan poytaxti Xartum yaqinidagi Omdurman shahridagi bozorda yuz bergan portlashda kamida 34 kishi, jumladan 14 ayol halok bo‘ldi, bir necha kishi jarohatlandi.
Qarorgohi Abu Dabida joylashgan “Arab yangiliklari” – “Sky News Arabia” telekanali xabar berishicha, voqea Tezkor xarakat kuchlari (RRF) va Sudan armiyasi o‘rtasidagi jang chog‘ida yuz bergan. Qurbonlarning aksariyati oddiy aholi vakillari – xaridor, sotuvchilar.
Har ikki tomon yaqinda Jiddada muzokarani davom ettirishga tayyorligini aytgan bo‘lsa-da, armiya tomonidan qo‘zg‘olon sifatida qabul qilingan RRF hujumi gumanitar vaziyat yanada yomonlashishiga olib keldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, aholining uchdan bir qismi oziq-ovqat xavfiga duch kelib, tegishli tibbiy xizmatdan mahrum bo‘lishi mumkin.

Sudanda joriy yil 15 aprel kuni harbiy harakat boshlangandan beri 9000 dan ko‘p odam hayotdan ko‘z yumgan, 5,5 milliondan ortiq aholi uy-joyini tark etgan. Muntazam ravishda bir-birini ayblayotgan na Tezkor harakat kuchlari, na mamlakat armiyasi vaziyatga izoh bermayapti.
Xalqaro bosim va xalq g‘azabiga qaramay, Xartum, Omdurman va Xartum Bahri shaharlarida davolanish xizmati, tez yordam mashinalari va tibbiy guruhlar tanqisligi asnosida har ikki tomon ob’ektlarni portlatishda davom etyapti.
Kasalxonalarning qariyb 70 foizi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini butunlay yo‘qotgan. Ishlayotgan bir necha shifoxona dori-darmon, tibbiy yordam vositalari, xizmat va tez yordam mashinalari bilan bog‘liq jiddiy tanqislikdan aziyat chekmoqda. O‘ta xavfli sharoitda ishlayotgan bir necha tez yordam brigadasi uzoq hududdan jarohatlanganlarni zambil yordamida tashishga majbur bo‘lmoqda.
Poytaxt aholisining 80 foizdan ko‘pi manzilini tark etgan, qolganlar xavfli sharoitda qolmoqda. Janubiy Xartum mahallalaridagi qashshoq aholining oziq-ovqat zaxirasi tugayotgani aytilyapti.
M.Pirmatova,
O‘zA